
Tramp Makrondan achchiqlandi va 200 foizlik boj bilan tahdid qildi
Emmanuel Makrondan «Tinchlik Kengashi»ga qo‘shilish taklifiga rad javobini olgan Tramp fransuz vino va shampanlariga 200 foizlik boj qo‘yish bilan tahdid qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo bo‘yicha Tichlik kengashi a’zoligini rad etgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga nisbatan keskin bayonot berib, agar Parij kengashga qo‘shilmasa, fransuz vino va shampanlariga 200 foizlik boj joriy etishini ma’lum qildi.
Bu bayonot Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida yangragani haqida yozmoqda «Bloomberg».
«Hech kim uni (kengashda bo‘lishini) xohlamaydi, chunki u juda tez orada o‘z lavozimini tark etadi. Men uning vinolariga 200 foizlik boj joriy qilaman va u baribir bizga qo‘shiladi», — dedi Tramp jurnalistlarga.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Makron uning tashabbusini qabul qilmasligi haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng u shunday qarorga kelgan. AQSH prezidenti fransuz rahbarini yaqin orada lavozimini tark etishi bilan bog‘lab, uning xalqaro siyosatdagi ta’siri pasayganini ta’kidladi va savdo vositalari orqali bosim o‘tkazish mumkinligini ochiq bildirdi.
Ma’lumot uchun: Emmanuel Makronning prezidentlik muddati kelgusi yil yakuniga yetadi. U navbatdagi saylovlarda qatnashmasligini ma’lum qilgan.
Fransiyaning e’tirozi
Fransiya hukumati Tramp taklif qilayotgan «Tinchlik kengashi» faqat G‘azo masalasi bilan cheklanmasdan, BMTning institutsional tamoyillariga zid bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.
Makronga yaqin manbalarga ko‘ra, Parij uchun BMT doirasidagi xalqaro huquqiy mexanizmlar muzokarasiz qadriyat hisoblanadi.
Kengashning boshqa tanqidchilari ham Trampning bu qadamini BMTga muqobil yoki raqib tuzilma yaratishga urinish sifatida baholamoqda. Ular bunday tashabbus global boshqaruv tizimida yangi ziddiyatlar keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Trampning «Tinchlik kengashi»
Ma’lumotlarga qaraganda, Tramp ma’muriyati «Tinchlik kengashi»da doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard dollar moliyaviy hissa qo‘shishni talab qilmoqda.
Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham kengashga taklif etilganini tasdiqladi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham taklif o‘ylab ko‘rilayoganini ma’lum qilgan.
Trampga ko‘ra, bir qator davlatlar, jumladan, Argentina va Kanada yetakchilari ham mazkur tashabbusga jalb etilgan. Shuningdek, Tramp Shavkat Mirziyoyevga ham Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish uchun taklif yuborgan. Mirziyoyev O‘zbekiston Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirgan.





