add

Tramp ma’muriyatida qancha milliarder bor? The Washington Post nomma-nom ro‘yxat tuzdi

Kecha 22:175424 daqiqa

Trampning hozirgi jamoasi, AQSHning zamonaviy tarixidagi eng boy ma’muriyati deb hisoblangan birinchi muddatidagi ma’muriyatidan ham boyroq ekan.

Tramp ma’muriyatida qancha milliarder bor? The Washington Post nomma-nom ro‘yxat tuzdi

The Washington Post gazetasi AQSH prezidenti Donald Trampning ikkinchi ma’muriyatiga kirgan milliarderlar ro‘yxatini tuzibdi. Prezidentning o‘zini hisobga olmaganda, ular jami 12 kishi ekan. Ularning umumiy boyligi 390 milliard dollarga baholanibdi. Bu Trampning hozirgi jamoasi, AQSHning zamonaviy tarixidagi eng boy ma’muriyati deb hisoblangan birinchi muddatidagi ma’muriyatidan ham boyroq ekanligini ko‘rsatmoqda.

The Washington Post tuzgan ro‘yxat:

Ilon Mask — 342 mlrd dollar. Dunyoning eng boy kishisi va Trampning yirik homiysi. 2024 yilgi saylov kampaniyasida Mask respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash uchun 294 million dollar sarflagan. U Tramp ma’muriyatiga davlat apparatini modernizatsiya qilish va xarajatlarni qisqartirish vazifasi yuklatilgan Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari sifatida kirgan. DOGE ham, Maskning o‘zi ham ommabop bo‘lmagan. 2025 yil iyunida Tramp bilan yuzaga kelgan ochiq nizodan keyin Mask ma’muriyatdan ketgan. Ularning o‘zaro ayblashuvlari ijtimoiy tarmoqlarda ham davom etgan: Tramp Mask kompaniyalarini subsidiyalardan mahrum qilish bilan tahdid qilgan, Mask esa Dragon kemasini ekspluatatsiya qilishni to‘xtatishini aytgan.

Tilman Fertitta — 11,3 mlrd dollar. Fertitta Entertainment asoschisi. Kompaniya restoranlar, mehmonxonalar, kazinolar tarmoqlarini birlashtiradi va “Houston Rockets” klubiga egalik qiladi. Fertitta 2016–2018 yillarda CNBC'dagi “Billion Dollar Buyer” realiti-shousi qahramoni bo‘lgan. U va rafiqasi 2024 yilgi saylovlar oldidan respublikachilarga qariyb 1 mln dollar xayriya qilgan, yana 1 mln dollarni Tramp inauguratsiyasiga bergan. Shundan to‘rt kun o‘tib, Fertitta AQSHning Italiya va San-Marino elchisi etib tayinlangan.

Jo Gebbia — 8,3 mlrd dollar. Airbnb hammuassisi. Tramp inauguratsiyasi oldidan X (Twitter) da “Biz mamlakatni yana buyuk qila olamiz — Meksika qo‘ltig‘idan Grenlandiyagacha” deb yozgan. DOGE tarkibida pensiya tizimini modernizatsiya qilish ustida ishlagan. 2025 yil avgustda Tramp “AQSH bosh dizayneri” lavozimini ta’sis etib, Gebbiani shu lavozimga tayinlagan.

Melinda Hildebrand — 7,7 mlrd dollar. Hilcorp Energy asoschisi Jeffri Hildebrandning rafiqasi. U ilgari aktivlari 100 mln dollardan ortiq bo‘lgan xayriya fondini boshqargan. Hildebrandlar Texasdagi eng boy oilalardan. 2020 yilda Tramp kampaniyasiga 1 mln dollardan ortiq mablag‘ bergan, 2024 yilda inauguratsiyaga yana 1 mln dollar yo‘naltirgan. Tramp prezidentlikka qaytgach, Melinda Hildebrandni Kosta-Rika elchisi etib tayinlagan.

Donald Tramp — 5,1 mlrd dollar. 2017 yilda uning boyligi 3,5 mlrd dollarga baholangan bo‘lsa, ikkinchi prezidentligi davriga kelib aktivlari 5 mlrd dollardan oshdi. Bu ko‘chmas mulkdan tashqari soha, jumladan kriptovalyutalar va Truth Social'ga kiritilgan investitsiyalar hisobiga oshgan.

Stiven Faynberg — 5 mlrd dollar. Cerberus Capital Management hammuassisi. Mudofaa vaziri o‘rinbosari etib tasdiqlanishidan oldin 1800 betlik deklaratsiya taqdim etgan. Pentagon xarajatlarini qisqartirish orqali byudjetni tejash niyatida ekani aytilgan. 2024 yilda kampaniyaga yirik mablag‘ bermagan bo‘lsa-da, 2016 va 2020 yillarda Trampning asosiy donorlaridan bo‘lgan.

Uorren Stivens — 3,4 mlrd dollar. Moliyachi, AQSHning Buyuk Britaniyadagi elchisi. Stevens Inc. investitsiya bankini uning amakisi tuzgan, u 1970-yillarda Walmart'ni bozorga olib chiqqan. Stivens 2016 yilda anti-tramp tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan, keyin Trampning yirik donoriga aylangan. Elchi etib tayinlangan kunning o‘zida prezidentga 5 mln dollar xayriya qilgan.

Hovard Lyutnik — 3,2 mlrd dollar. Savdo vaziri, import bojlari tarafdori va Tramp kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘uvchisi. U rahbarlik qiladigan Cantor Fitzgerald kompaniyasi 11-sentabr voqealarida xodimlarining uchdan ikki qismini yo‘qotgan. Lyutnik ham o‘sha kuni tasodifan tirik qolgan. Kompaniya kutilganidek inqirozga uchramagan va faoliyatini davom ettirgan.

Linda Makmehon — 3 mlrd dollar. WWE imperiyasi asoschilaridan biri. U va eri Vins 2015 yildan buyon respublikachilarga 47 mln dollardan ortiq mablag‘ bergan. Tramp birinchi prezidentligida uni Kichik biznes boshqarmasiga, vaqtincha tugatish rejasi amalga oshmaganidan keyin esa Ta’lim vazirligiga rahbar qilib qo‘ygan.

Antonio Grasias — 2,2 mlrd dollar. Maskning yaqin do‘sti va Tesla hamda SpaceX'ning ilk investorlaridan. Ilgari demokratlarni qo‘llab-quvvatlagan, lekin 2024 yilda Tramp tashabbuslariga 2 mln dollar xayriya qilgan. DOGE tarkibida ijtimoiy to‘lovlar bilan ishlagan, ammo manfaatlar to‘qnashuvi ayblovlaridan keyin 2025 yilda iste’foga chiqqan.

Stiv Uitkoff — 2 mlrd dollar. Developer, Trampning ko‘p yillik yaqin do‘sti. 2016 yildan buyon respublikachilarga har saylovda 200 ming dollardan ortiq xayriya qilgan. Trampning ikkinchi ma’muriyatida tinchlik missiyalari bo‘yicha maxsus vakil bo‘lgan va hozir Rossiya–Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralarda qatnashmoqda.

Kelli Leffler — 1,3 mlrd dollar. ICE asoschisi Jeffri Sprecherning rafiqasi. Leffler kripto startap Bakkt'ni boshqargan, bir yil senator bo‘lgan. 2016 yildan buyon Tramp tashabbuslariga 15 mln dollardan ortiq xayriya qilgan. U hozir Kichik biznes agentligini boshqarmoqda.

Pol Atkins — 1,2 mlrd dollar. Yurist va tadbirkor. Ilgari Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasida yuqori lavozimda ishlagan. Tramp davrida agentlik rahbari etib tayinlangan. U kriptoindustriyaga nisbatan ilgarigi rahbarlarga qaraganda ancha yumshoq yondashuv tarafdori sifatida tilga olingan.

Teglar

Mavzuga oid