
Tramp Medvedevning tahdidiga javoban «Tomahavk»lar va AQSH suvosti kemalarini eslatdi
24.06.2025 | 08:1541084
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga murojaat qilib, Eronga yadroviy qurol yetkazib berish haqidagi har qanday bayonotlarni «yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan xavfli ish» deb atadi. U bu bayonotni Dmitriy Medvedevning tanqidlariga javob tariqasida bildirdi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Trampni Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalari uchun tanqid qilgan va shu munosabat bilan ayrim davlatlar Eronga «o‘z yadroviy qurollaridan berishga tayyor» ekanini aytgan edi. Unga javoban Donald Tramp Truth Social sahifasida yozganida, «hech kim bizning atom suvosti kemalarimiz kabi qurolga ega emas», deb ta’kidladi.
«Bu — insoniyat yaratgan eng kuchli va halokatli qurol», — dedi Tramp. U shuningdek, 30 ta aniq nishonga teggan «Tomahavk» qanotli raketalarni eslatib, ular Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berishda ishlatilganini bildirdi. Trampning aytishicha, Medvedev «N harfli so‘z» (ya’ni «nuclear» — yadroviy atamasi) bilan xavfli o‘yin olib boryapti.
«Menga shunday tuyuldimi, yoki Medvedev rostdan ham yadroviy qurol yetkazib berish haqida gapirdimi? Agar shunday bo‘lsa, men bu haqda darhol bilishim kerak», — deya qayd etdi Tramp. Uning ta’kidlashicha, bunday so‘zlar jahon xavfsizligi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
2025 yil 22 iyunga o‘tar kechasi AQSH Natanz, Isfahon va Fo‘rdudagi Eronning uchta asosiy yadroviy markaziga zarba bergan. Operatsiyada yirik strategik bombardimonchi samolyotlar va yerosti himoya qurilmalarini yo‘q qilishga mo‘ljallangan bombalar qo‘llanilgan. Tramp bu amaliyotni «muvaffaqiyatli va aniq» deb baholadi.
Medvedev esa Trampni «tinchlikparvar sifatida kelib, yangi urush boshlagan inson» deya tanqid qildi va dunyo davlatlarining «aksariyati AQSH va Isroilni qo‘llab-quvvatlamasligi»ni ta’kidladi. Shu bilan birga, Rossiya Eronga rasman yadroviy qurol yetkazishni rejalashtirayotgani haqida aniq ma’lumot berilmadi.





