
Tramp Meksika bilan chegara devorini qoraga bo‘yashni buyurdi
21.08.2025 | 14:1019854
Bu orqali AQSH prezidenti Donald Tramp noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashmoqchi.
Prezident Donald Tramp AQSH–Meksika chegarasidagi devorni qoraga bo‘yashni rejalashtirmoqda. 19 avgust kuni Nyu-Meksikoda AQSH Xavfsizlik vaziri Kristi Noyem bu haqda ma’lum qildi. Uning aytishicha, qora bo‘yoq devorni qizdirib, undan ko‘tarilishni qiyinlashtiradi.
Trampning ushbu tashabbusi «Big, Beautiful Bill» deb nomlangan, Kongress iyul oyida qabul qilgan qonun doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun orqali chegara devori qurilishini davom ettirish uchun 46 mlrd dollar ajratilgan. Trampning ilk prezidentlik davrida boshlangan, ammo to‘liq tugallanmagan devor qurilishi qayta kun tartibiga qaytgan.
Tadbirda chegara xizmatlari rahbari Mayk Benks ham ishtirok etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qora bo‘yoq devorni zangdan ham himoya qiladi. Noyem esa «Millat chegarasiz millat emas» deb ta’kidlab, jurnalistlar oldida bo‘yoq roligi bilan devorni bo‘yashda ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, 2019 yilda ham Tramp devor qismlarini qoraga bo‘yashni buyurgan edi. Ammo «The Washington Post» xabariga ko‘ra, Sasabe (Arizona) hududida 2022 yilga kelib bo‘yoq 18 oy o‘tmasdan ko‘chib tushgan. Shunga qaramay, Tramp ma’muriyati bu galgi ishni samarali deb baholamoqda.
Prezidentning ikkinchi muddatida asosiy e’tibor chegara devori qurilishi bilan birga ICE reydlari va ommaviy deportatsiyalarga qaratilgan. Bu yil bahorda mudofaa vaziri Pit Xegset boshchiligida chegarada ikki milliy mudofaa hududi tashkil etilgani e’lon qilingan, bu hududlarda noqonuniy kirish harbiy bazaga tajovuz sifatida baholanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat miqyosida migrantlarni deportatsiya qilish va ushlab turish jarayonlarini yanada kengaytirishga doir yangi farmon qabul qilganligi haqida xabar bergan edik.





