
Tramp Meksikadagi narkokartellarga qarshi harbiy operatsiya e’lon qildi
AQSH Prezidenti giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yish uchun Meksika hududida quruqlikdagi harbiy operatsiyalar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp giyohvand moddalar kontrabandasiga chek qo‘yish maqsadida Meksika hududidagi narkokartellarga qarshi keskin quruqlikdagi harbiy harakatlarga o‘tishini e’lon qildi. U bu haqda Amerika ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, AQSH hukumati dengiz orqali giyohvand moddalar yetkazib berishning 97 foizini to‘sishga muvaffaq bo‘lgan. Dengiz yo‘llari yopilganidan keyin jinoiy guruhlar asosiy e’tiborni quruqlikdagi kanallarga, ayniqsa chegara oldi hududlariga qaratgan. Uning aytishicha, shu sabab AQSH Qurolli kuchlarining keyingi bosqichdagi vazifasi bevosita quruqlikdagi amaliyotlarni faollashtirishdan iborat bo‘ladi.
Tramp narkokartellar amalda Meksikaning muayyan hududlarini o‘z nazoratiga olganini va ularning moliyaviy hamda harbiy imkoniyatlari kichik davlatlar salohiyati bilan tenglashib qolganini qayd etdi. Uning fikricha, ushbu guruhlar Amerikada giyohvand moddalar iste’moli va o‘lim holatlari ko‘payishining asosiy sababchisi hisoblanadi. Prezident avvalroq ushbu kartellarni «terrorchilik tashkilotlari» deb atagan va ularni AQSH hududidan tashqarida ham zararsizlantirishga va’da bergan edi.
Meksika hukumati esa o‘z navbatida suverenitet tamoyillarini ro‘kach qilib, AQSHning har qanday bir tomonlama harbiy aralashuviga qat’iy qarshi chiqmoqda. Rasmiy Mexiko barcha harakatlar faqat ikki tomonlama hamkorlik va xalqaro huquq me’yorlari asosida amalga oshirilishi zarurligini ta’kidlamoqda. Ekspertlarning fikricha, AQSHning qo‘shni davlat roziligisiz harbiy operatsiya boshlashi mintaqada jiddiy diplomatik inqirozga va siyosiy keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkin.





