add

Tramp millatga murojaatida tashqi urushlarni tilga olmadi

Bugun 13:303392 daqiqa

Donald Tramp millatga murojaatida tashqi siyosatni chetga surib, ichki iqtisod, migratsiya va xavfsizlik sohasida ma’muriyati yutuqlarini asosiy e’tibor markaziga qo‘ydi.

Tramp millatga murojaatida tashqi urushlarni tilga olmadi

AQSH prezidenti Donald Tramp 18-dekabr kuni millatga murojaat bilan chiqib, nutqida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi yoki Venesuela atrofidagi vaziyatni tilga olmadi. U o‘z chiqishini deyarli to‘liq ichki siyosat va ma’muriyatining yutuqlariga bag‘ishladi.

Tramp so‘zlariga ko‘ra, hozirgi hukumat 11 oy ichida AQSH tarixidagi istalgan ma’muriyatdan ko‘ra ko‘proq natijaga erishgan. U chegaralar xavfsizligi ta’minlangani, inflatsiya to‘xtatilgani, ish haqlari o‘sgani va narxlar pasayganini ta’kidladi. Prezidentning fikricha, AQSH yangi, misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sish ostonasida turibdi.

Nutq davomida Tramp oldingi prezident Jo Bayden ma’muriyatini keskin tanqid qildi. U «ochiq chegaralar», jinoyatchilikning o‘sishi, savdodagi nomaqbul kelishuvlar, federal hukumatdagi korrupsiya va ijtimoiy siyosatdagi bahsli qarorlarni misol sifatida keltirdi.

Prezident bir qator raqamlar va da’volarni ham ilgari surdi. Uning aytishicha, dengiz orqali AQSHga kirib kelayotgan narkotiklar oqimi 94 foizga qisqargan, Amerika armiyasi dunyodagi eng qudratli kuchga aylangan. Shuningdek, 1 mln 450 ming harbiy xizmatchi Rojdestvo bayrami arafasida AQSH tashkil topgan 1776 yil ramzi sifatida 1776 dollar miqdorida maxsus to‘lov oladi.

Tramp, shuningdek, so‘nggi 50 yilda ilk bor AQSHda migrantlar soni qisqarganini ma’lum qildi. U Yaqin Sharqda «uch ming yilda ilk bor tinchlik o‘rnatilgani»ni ham ta’kidladi, ammo bu gapiga ham batafsil izoh bermadi.

Nutq yakunida prezident AQSH dunyoda yana hurmat qozonganini ta’kidlab, mamlakat kelgusi yilda o‘z kuchiga ishongan va butun dunyo havas qiladigan davlat sifatida namoyon bo‘lishini bildirdi..

Teglar

Mavzuga oid