add

Tramp Mirziyoyevni ham G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga taklif qildi

Bugun 16:552 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Yaqin Sharqda tinchlikni ta’minlashga qaratilgan Tinchlik kengashi tashabbusiga qo‘shilishga tayyorligini bildirdi.

Tramp Mirziyoyevni ham G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga taklif qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mavjud mojarolarni hal etishga qaratilgan xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif kelib tushdi. Ushbu murojaatda mintaqada uzoq muddatli barqarorlikka erishish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Maktubda ta’kidlanishicha, tashabbus 2025 yil 29-sentabr kuni e’lon qilingan bo‘lib, qisqa vaqt ichida qator jahon yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. U, shuningdek, 2025 yil 17-noyabrda qabul qilingan BMT Xavfsizlik Kengashining 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan G‘azodagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejaga asoslanadi.

Taklif etilayotgan tashabbus doirasida yangi xalqaro tuzilma — Tinchlik kengashini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu kengash Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan davlatlarni birlashtirishni maqsad qiladi.

Amerika tomoni O‘zbekiston Respublikasiga mazkur Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklifini bildirgan. Bu taklif Toshkentning mintaqaviy va global tinchlik jarayonlaridagi o‘rni va xalqaro nufuzini inobatga olgan holda ilgari surilgani qayd etilmoqda.

Davlatimiz rahbari amerikalik hamkasbiga yo‘llagan javob maktubida O‘zbekiston Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyor ekanini bildirdi. Prezident o‘z murojaatida ushbu tashabbusni Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik nizolarni bartaraf etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash sari qaratilgan muhim xalqaro qadam sifatida baholashini alohida ta’kidladi.

Tramp avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevni ham G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga taklif qilgan va ijobiy javob olgan.

Shuningdek, u Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ham rasmiy taklif yuborgan. Taklifga javoban: «Ha, prezident Putin ham diplomatik kanallar orqali ushbu tinchlik kengashiga qo‘shilish taklifini oldi. Biz hozirda bu taklifning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqdamiz. Shuningdek, barcha nozik jihatlarga oydinlik kiritish uchun Amerika tomoni bilan bog‘lanishga umid qilamiz», — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Eslatib o‘tamiz, AQSH ma’muriyati Kengashda doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard dollar miqdorida moliyaviy ishtirok talab qilgan. 

Teglar

Mavzuga oid