
Tramp Misrda G‘azo bo‘yicha xalqaro sammit o‘tkazishni rejalashtirmoqda
12.10.2025 | 14:3128933
AQSH prezidenti Donald Tramp Misrga rasmiy tashrifi davomida G‘azo bo‘yicha xalqaro sammit tashkil etishni rejalashtirmoqda. Uchrashuvda Yevropaning va arab dunyosi yetakchilari qatnashishi kutilmoqda.

Axios nashri ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Misrga safari chog‘ida G‘azo sektoridagi tinchlik jarayonini muhokama qilish bo‘yicha xalqaro sammit o‘tkazishni rejalashtirgan.
Manbalarning aytishicha, sammitni Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy tashkil etmoqda. U bu borada Yevropa va arab davlatlari yetakchilariga taklifnoma yuborgan. Uchrashuvda Germaniya, Fransiya, Britaniya, Italiya, Qatar, BAA, O‘rdun, Turkiya va Saudiya Arabistoni rahbarlari yoki tashqi ishlar vazirlarining ishtirok etishi kutilmoqda. Sammit Sharm-ash-Shayx shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 oktyabr kuni ertalab Donald Tramp Isroilga yetib boradi, u yerda nutq so‘zlab, garovdagi shaxslar oilalari bilan uchrashadi. Trampni bu safarda AQSH davlat kotibi Marko Rubio va mudofaa vaziri Pit Hegsett hamrohlik qiladi.
Seshanba kuni Tramp Misrga yo‘l oladi, u yerda prezident as-Sisiy bilan muzokaralar o‘tkazadi va G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuvini imzolash marosimida ishtirok etadi. Ushbu hujjatning kafillari sifatida Misr, Qatar va Turkiya ham qatnashishi rejalashtirilgan.
Sharm-ash-Shayxdagi sammit G‘azo urushiga nuqta qo‘yish va Yaqin Sharqda barqaror tinchlikka erishish bo‘yicha muhim diplomatik qadam sifatida baholanmoqda.





