
Tramp oldidagi og‘ir tanlov: Eronga qarshi urush boshlanadimi?
12.06.2025 | 20:0037263
Isroil Eron yadro ob’ektlariga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, AQSH prezidenti Donald Tramp ikki og‘ir yo‘l o‘rtasida qoldi — urush xavfi 60 foizdan 90 foizgacha oshishi mumkin.

AQSH va Eron o‘rtasidagi vaziyat yanada keskinlashmoqda. Isroil Eron yadro ob’ektlariga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ma’lumotlar Axios va The New York Times nashrlarida e’lon qilindi. Hujum uchun Furdo‘ va Natansdagi yadro inshootlari nishon qilinayotgani qayd etilmoqda.
Bu ma’lumotlar AQSH tomonidan Eronga diplomatik bosim sifatida tarqatilgan bo‘lishi ham mumkin. Biroq, AQSH harbiy bazalarida tayyorgarlikning oshishi, Iroq va Kuvaytdan diplomatlarni evakuatsiya qilish kabi holatlar jiddiy urush xavfini tasdiqlamoqda.
Agar Isroil hujum qilsa, Eron yuzlab ballistik raketalarni ishga tushirishi, proksi guruhlarni faollashtirishi mumkin. Bu esa Livan, Iroq, Yaman va hatto AQSH kuchlarining ham mojaroga tortilish ehtimolini kuchaytiradi.
Shunga qaramay, Donald Tramp ma’muriyati urushni istamaydi. U diplomatiya va sanksiyalar orqali Eronni yangi yadro kelishuviga majburlashga urinmoqda. Tramp 15 iyungacha muzokaralar uchun muddat belgilagan va ular barbod bo‘lsa, og‘ir oqibatlar bilan tahdid qilgan.
Tramp urush boshlashga qo‘rqmoqda — chunki AQSH harbiy byudjeti cheklangan, jamoatchilik Yaqin Sharqdagi yangi urushga qarshi va 2026 yilda bo‘ladigan oraliq parlament saylovlari oldidan siyosiy barqarorlik muhim. Qolaversa, Saudiya va BAA bilan imzolangan tinchlik va hamkorlik kelishuvlari urush tufayli yo‘qqa chiqishi mumkin.
Shunday ekan, Donald Tramp oldida tanlov og‘ir: Isroilga yordam berish yoki Amerika manfaatlari va global iqtisodiy barqarorlikni ustuvor deb bilish.





