
Tramp Oq uyda mushtlashuv tashkil qilmoqchi
05.07.2025 | 11:005713
AQSH prezidenti Donald Tramp 2026 yilda mamlakat Mustaqillik kuni munosabati bilan Oq uy hovlisida UFC jangini tashkil etish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu taklif Oq uy rasmiylari tomonidan ham tasdiqlandi.

CNN xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp kelasi yili — mamlakat mustaqilligining 250 yilligi nishonlanadigan 2026 yil 4 iyul kuni Oq uy hovlisida UFC jangini o‘tkazishni taklif qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sana munosabati bilan har bir milliy bog‘ va tarixiy hududlarda maxsus tadbirlar tashkil etiladi.
«Biz UFC jangini ham tashkil etamiz, bu Oq uy hovlisida bo‘lib o‘tadi», - degan Tramp. Qayd etilishicha, bu bayonot hazil emas, balki jiddiy taklif bo‘lgan. Oq uy rasmiylari ham bunday rejalar mavjudligini tasdiqlagan.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning ta’kidlashicha, UFC tadbirini Oq uy hududida o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Agar mazkur g‘oya amalga oshsa, bu AQSH tarixida davlat rahbarining tashabbusi bilan Oq uyda o‘tkazilgan ilk professional sport janglaridan biri bo‘ladi. Bu nafaqat UFC uchun, balki ommaviy sport tadbirlari uchun ham tarixiy voqea sifatida qayd etilishi mumkin.
Ushbu g‘oya AQSHda siyosiy va jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lishi kutilmoqda.





