
Tramp Putindan Zelenskiy bilan uchrashishni talab qilmasligini aytdi
08.08.2025 | 10:408704
AQSH prezidenti Donald Tramp Putin bilan uchrashish uchun Zelenskiy bilan muloqotni shart qilib qo‘ygani haqidagi xabarlarni rad etdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp brifingda Vladimir Putin bilan uchrashish uchun undan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan alohida muloqot o‘tkazishni talab qilgani haqidagi avvalgi xabarlarni inkor etdi. Jurnalistlar savoliga u qisqa javob qaytardi: «Yo‘q».
Shuningdek, Trampdan Kremlga qo‘yilgan 8 avgustga qadar Ukrainada otashkesim e’lon qilish talabi hanuz kuchdami, deb so‘rashdi. AQSH rahbari bu masala Putinning pozitsiyasiga bog‘liq bo‘lishini aytib, aniq javob bermadi.
Avvalroq The New York Post manbalari Tramp Putin bilan uchrashishga faqat u Zelenskiy bilan ham ko‘rishishga rozi bo‘lsagina tayyor ekanini xabar qilgandi. Manbalarga ko‘ra, muzokara joyi hali belgilanmagan.
6 avgust kuni Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga tashrif buyurib, Putin bilan uchrashdi. Ortidan Oq uy Putin AQSH prezidenti bilan shaxsan ko‘rishish istagini bildirganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Tramp Zelenskiy, Yevropa yetakchilari va NATO bosh kotibi bilan telefon orqali muloqot qildi. The New York Times va Financial Times ma’lumoticha, Tramp Putin bilan kelasi hafta uchrashib, keyin Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama sammit o‘tkazish niyatini bildirgan.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, Tramp bu rejadan Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishda muhim qadam sifatida umidvor ekanini aytgan. Shu bilan birga, Putin sulhga rozi bo‘lishi uchun hududlar almashinuvi muhokamasi mumkinligini taqdim qilgan. Ammo qaysi hududlar nazarda tutilgani ochiqlanmagan.
Putin esa Tramp bilan uchrashishga tayyorligini, ammo Zelenskiy bilan muzokaralar uchun hali shart-sharoit yo‘qligini aytdi. Iyul oxirida Tramp Kremlga 8 avgustga qadar Ukrainadagi urushni to‘xtatishni talab qilib, aks holda Rossiya neft-gazini sotib oluvchi davlatlar mahsulotlariga 100 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgan edi.





