add

Tramp Putinga yana ikki hafta muddat berdi, aks holda taktika o‘zgarishini ta’kidladi

22.08.2025 | 09:0015594

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya urushni to‘xtatmasa, Vashington Ukraina bo‘yicha yondashuvini qayta ko‘rib chiqishini bildirdi.

Tramp Putinga yana ikki hafta muddat berdi, aks holda taktika o‘zgarishini ta’kidladi
Donald Tramp Todd Starnes Show radiodasturida qilgan chiqishida Ukrainadagi harbiy mojaroni to‘xtatish bo‘yicha hech bo‘lmaganda ikki hafta ichida aniqlik yuzaga chiqishini ma’lum qildi. «Ikki haftadan keyin biz hammasiga oydinlik kiritamiz», — dedi u efirda. AQSH rahbarining ta’kidlashicha, agar Vladimir Putin ko‘rsatilgan muddat ichida urushni to‘xtatmasa, AQSH «taktika o‘zgartirayotganini ko‘rsatishi»ga to‘g‘ri keladi. Bu esa ehtimoliy siyosiy bosim, iqtisodiy sanksiyalar yoki boshqa diplomatik choralarni o‘z ichiga olishi mumkinligini anglatadi. 18 avgust kuni Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan va uning qat’iy pozitsiyasini maqtab, «juda og‘ir urushda kurashayotganini» ta’kidlagan. U avvalroq urushni to‘xtatish uchun bir necha bor turli muddatlar belgilagan — avval 50 kun, keyin 10 kunlik ultimatum e’lon qilgandi. 29 iyul kuni Tramp Rossiya va uning savdo hamkorlariga 100 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgan, ammo 15 avgustda Alyaskada Putin bilan uchrashganidan so‘ng bu choralar orqaga surilgan. Vashington bunga diplomatik imkoniyatlarni saqlab qolish zarurati bilan izoh berdi. 18 avgustda Tramp Yevropa yetakchilari va Zelenskiy bilan uchrashuvda «muzokaralar bir-ikki haftada natija berishi mumkin», deb baho bergan. Uning fikricha, urushni tugatish bo‘yicha «juda murakkab masalalar» yo‘q va kelishuv imzolanishi uchun siyosiy iroda yetarli. 21 avgust kuni The Guardian Tramp Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuvni tashkil etish urinishlarini vaqtincha to‘xtatganini xabar qildi. AQSH rahbariga ko‘ra, bu tashabbus Kiyev va Moskva tomonidan boshlanishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp Putinga yana ikki hafta muddat berdi, aks holda taktika o‘zgarishini ta’kidladi | Vaqt.uz