
Tramp qarori ortidan neft narxi pasaydi, fond bozorlari o‘sdi
20.06.2025 | 18:0012663
AQSHning Yaqin Sharq mojarosida ishtirok etishini kechiktirishi bozorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi: neft narxi 3 foizgacha tushdi, Yevropa va Osiyodagi aksiyalar esa o‘sishni qayd etdi.

20 iyun kuni AQSH prezidenti Donald Trampning Isroil va Eron o‘rtasidagi urushga harbiy aralashuv masalasini ikki haftaga kechiktirish haqidagi bayonoti xalqaro moliya bozorlarida sezilarli reaksiyaga sabab bo‘ldi.
Londonda neft narxi 3 foizgacha pasayib, bir barrel uchun 76,10 dollar darajasigacha tushdi. Biroq hafta davomida umumiy 4 foiz, oy davomida esa 20 foizlik o‘sish qayd etilgan. MUFG tahlilchisi Derek Xalpennining ta’kidlashicha, bu pasayish Yaqin Sharqda keskinlik kuchayishi xavfining kamayganidan dalolat beradi.
AQSH dollari ham uncha katta bo‘lmagan darajada pasaydi. Boshqa an’anaviy «himoyaviy aktiv» sanaladigan oltin narxi ham tushdi.
Yevropa va Osiyodagi asosiy fond birjalaridagi indekslar 0,5–1 foizgacha o‘sdi. MSCI jahon indeksidagi ikkinchi haftalik yo‘qotishning oldini olish masalasi esa ochiqligicha qolmoqda.
Isroilning Eron hududidagi hujumlari va Tehronning javob raketa zarbalariga qaramasdan, bozorlar biroz yumshoq reaksiya bildirdi. Bu Trampning tezkor aralashuvdan voz kechgani bilan bog‘lanmoqda.
Jenevada Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Eron tashqi ishlar vaziri bilan uchrashib, yadroviy dastur yuzasidan diplomatik muzokaralarga qaytish yo‘lini muhokama qilmoqda.
Shu bilan birga, Osiyodagi sahmdorlik bozorlarida Xongkongning Hang Seng indeksi 1,2 foizga, Janubiy Koreyaning Kospi indeksi esa yangi saylangan prezident Li Je Myonning iqtisodiy rag‘batlantirish rejalari fonida 2022 yil boshidan beri ilk marta 3 000 pog‘onasidan oshib o‘tdi.





