add

Tramp rejasi qayta ishlandi: Kiyev uchun cheklovlar olib tashlandi

Bugun 16:259822 Daqiqa

Donald Tramp ma’muriyati Ukraina bilan muzokaralardan so‘ng rejadagi qator bahsli bandlarni olib tashlashga rozi bo‘ldi.

Tramp rejasi qayta ishlandi: Kiyev uchun cheklovlar olib tashlandi

Jenevada Ukraina delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng, Donald Tramp ma’muriyati tomonidan taklif etilgan qisqartirilgan tinchlik rejasi jiddiy o‘zgarishlarga uchradi.

ABC News xabariga ko‘ra, yangi loyihada Ukraina Qurolli kuchlari sonini qisqartirishga oid talab olib tashlangan. Ilk variantda Kiyevga armiyasini 1 mln nafardan 600 minggacha qisqartirish taklif qilingan edi. Ukraina va Yevropaning muqobil rejasida esa chegara 800 ming nafar etib belgilangan.

Bundan tashqari, Rossiyani harbiy jinoyatlar uchun amnistiya qilishni ko‘zda tutuvchi band ham yangilangan rejadan chiqarib tashlangan. Politico manbasi xabar berishicha, hujjatda Donbassni Rossiyaga berish, Zaporijjya va Xersonda frontni muzlatish kabi hududiy masalalar ham o‘zgarishga uchragan, ammo aniq tafsilotlar berilmagan. Bu masalalar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va AQSH nomzodi Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralarda ko‘rilishi kutilmoqda.

The Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya–AQSH munosabatlariga doir bandlar ham rejadan chiqarilgan. Shuningdek, Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan 100 mlrd dollar zaxiralaridan foydalanish va undan 50 foiz daromadni AQSHga berish g‘oyasi ham bekor qilingan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa Financial Times nashriga bergan izohida, hududiy masalalar, NATO va Rossiya munosabatlari kabi bir necha bahsli nuqtalar «qavsga olingani»ni aytgan. Uning ta’kidlashicha, yangi loyiha avvalgi nusxadan sezilarli darajada farq qiladi va Kiyev endi ba’zi masalalarda muvozanatli yechimga tayyor.

The New York Times nashri esa AQSH senatori Marko Rubio NATOga a’zo davlatlar Ukraina hududiga qo‘shin joylashtirishini taqiqlaydigan va Ukrainaga NATOga kirish yo‘lini butunlay yopadigan bandlarni hozircha rejadan chiqarib yuborganini ma’lum qildi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘zlariga ko‘ra, AQSH bu o‘zgargan, 19 banddan iborat yangi loyihani Rossiyaga hali taqdim etmagan. «Hozirda yagona amaliy hujjat — bu Tramp rejasidir. U muzokaralar uchun yaxshi asos bo‘lishi mumkin», dedi u.

Teglar

Mavzuga oid