add

Tramp rejasi: Ukraina Donbassdan voz kechishi va armiyani qisqartirishi kerak

Financial Times va Axios ma’lumotiga ko‘ra, Tramp taklif etgan tinchlik rejasi Ukraina uchun deyarli to‘liq taslim bo‘lish bilan teng hisoblanmoqda.

Tramp rejasi: Ukraina Donbassdan voz kechishi va armiyani qisqartirishi kerak

Financial Times va Axios manbalariga ko‘ra, AQSHda Donald Tramp guruhi tomonidan tayyorlangan Ukraina bo‘yicha yangi tinchlik rejasi Kiyevdan Donbassni to‘liq tark etishni va armiya sonini ikki barobarga kamaytirishni talab qilmoqda. Bu tashabbus ortida Stiven Uitkoff va Kirill Dmitriyev turgani qayd etilgan.

Axios xabariga ko‘ra, reja Ukraina Qurolli kuchlarini Donbass hududining 14 foizidan olib chiqishni va bu yerni harbiy jihatdan betaraf hududga aylantirishni ko‘zda tutadi. Bunga javoban, Kreml Zaporijjya va Xerson frontidagi hujumlarni to‘xtatishi kutilmoqda. Hatto ayrim bosib olingan hududlarni qaytarish ehtimoli ham tilga olingan, biroq bu faqat Rossiya bilan muzokaralar muvaffaqiyatli kechgan taqdirda amalga oshishi mumkin.

Tramp rejasida Qrim va Donbassning Rossiyaga qarashli ekanini AQSH va boshqa mamlakatlar tomonidan tan olinishi belgilangan. Ukrainadan esa bu talab qilinmayapti, ammo u rus tilini davlat tili sifatida tan olishi va Rossiya pravoslav cherkoviga nisbatan cheklovlarni bekor qilishi kerak bo‘ladi.

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, ushbu reja Ukraina armiyasiga ayrim turdagi qurollardan foydalanishni taqiqlaydi, xususan, uzoq masofali raketalar yetkazib berishni to‘xtatish hamda mamlakat hududida xorijiy askarlarni joylashtirishni man etadi.

FT muxbirining ta’kidlashicha, bu taklif Ukraina uchun «taslim bo‘lishga teng»dir. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat Kremlning maksimal talablarini rasmiylashtirishdan boshqa narsa emas.

Axios nashriga ko‘ra, AQSH rasmiylari bu rejani Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Rustam Umerovga taqdim etgan. Stiven Uitkoff ushbu taklifni Anqarada Volodimir Zelenskiy bilan muhokama qilishni rejalashtirgan, biroq Ukraina rahbari uchrashuvni bekor qilgan. Zelenskiyning Yevropa mamlakatlari bilan o‘z rejasi bor va u Rossiya tomonidan hech qachon qabul qilinmasligi aytilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp rejasi: Ukraina Donbassdan voz kechishi va armiyani qisqartirishi kerak | Vaqt.uz