
Tramp rejasidagi Putin va’dasi: u qayta Ukrainaga hujum qilmaydi
Vashingtonda tayyorlangan tinchlik rejasi Ukrainadan ulkan yon berishlar, Putindan esa «qayta hujum qilmaslik» va’dasini talab qilmoqda.

The Wall Street Journal manbasiga ko‘ra, AQSHda Donald Tramp atrofidagi shaxslar — davlat kotibi Mark Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va zyati Jared Kushner Ukraina uchun yangi tinchlik rejasini ishlab chiqqan.
Reja 28 banddan iborat bo‘lib, unda Kiyev tomonidan jiddiy yon berishlar nazarda tutilgan. Masalan, Ukraina Donbassni to‘liq tark etishi, armiyasini ikki barobar qisqartirishi va NATOga a’zo bo‘lish urinishlarini cheklashi kerak bo‘ladi.
Ushbu tashabbus Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev bilan ham muhokama qilingan. Moskva esa buning evaziga Ukraina va Yevropaga qayta hujum qilmaslikni va’da qiladi va bu majburiyatni qonun bilan mustahkamlaydi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bunday «va’da» juda shubhali — chunki Rossiya avval ham Budapesht memorandumiga va xalqaro huquq normalariga zid ravishda Qrimni anneksiya qilgan va 2022 yilda to‘la hujumni boshlagan. Shuningdek, Putin vaziyatga qarab Rossiya Konstitutsiyasini bir necha bor o‘zgartirgani bilan ham tanilgan.
The Telegraph xabariga ko‘ra, reja Donbass bo‘yicha ijara shartnomasi shaklidagi «to‘lov»ni ham nazarda tutadi. Huquqiy mulk Ukrainada qoladi, ammo Rossiya «foydalanish» uchun to‘lov amalga oshiradi. Bu orqali referendum o‘tkazish va xalq qarshiligidan qochish ko‘zda tutilmoqda.
Oq dom bu reja haqida na Ukraina, na Yevropa davlatlarini ogohlantirgan. Yevropa Ittifoqi rasmiylari esa bu reja qattiq qarshilikka uchrashi mumkinligini ta’kidlamoqda.





