
Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish imkonini ko‘rib chiqmoqda
27.05.2025 | 16:4013223
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etish masalasini muhokama qilmoqda. Ammo sanksiyalar doirasi cheklangan bo‘lishi va bank tizimiga ta’sir qilmasligi mumkin.

The Wall Street Journal nashrining yozishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp shu hafta Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkonini ko‘rib chiqmoqda. Gazeta manbalari ta’kidlashicha, ehtimoliy cheklovlar moliyaviy sohani qamrab olmasligi mumkin, chunki asosiy muhokama boshqa usullar atrofida kechmoqda.
Tramp 25 may kuni qilgan bayonotida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi harbiy harakatlarni «hech qanday zaruratsiz» amalga oshirayotganini ta’kidladi va bu harakatlar Rossiyaning kelajagiga tahdid solishi mumkinligini qayd etdi.
«Men doim Putin Ukrainaning faqat bir qismini emas, balki butunini xohlaydi, deb kelganman. Balki bu taxminim to‘g‘ri bo‘lib chiqyapti. Lekin agar u Ukrainaga ega chiqsa, bu Rossiyaning qulashiga olib kelishi mumkin», — dedi Tramp.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp agar muzokaralar orqali tinchlik kelishuvi amalga oshmasa, u jarayondan chiqib ketishi mumkinligini ham ko‘rib chiqmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Tramp hozircha barcha variantlarni ochiq qoldirgan.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt nashrga bergan izohida prezident muzokaralar orqali tinchlikka erishishni ustuvor vazifa sifatida belgilaganini va har qanday ehtimoliy ssenariylarga tayyor ekanini bildirdi.





