
Tramp Saudiya Arabistoniga pul va tinchlik bilan tashrif buyurdi
14.05.2025 | 17:496483
AQSH prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘ylab safarining birinchi manzili Saudiya Arabistoni bo‘ldi. U Muhammad ibn Salmon bilan muloqot qilar ekan, «tijorat barqarorlikka olib keladi», deya ta’kidladi va Suriyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi.

Donald Tramp 4 kunlik Yaqin sharq bo‘ylab safarini Saudiya Arabistonidan boshladi. Ar-Riyodda u valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon bilan uchrashdi va bir qator iqtisodiy va harbiy shartnomalarni imzoladi. Uchrashuvda arab an’anasiga ko‘ra qahva uzatildi. «Menimcha, biz bir-birimizni juda yoqtiramiz», dedi Tramp.
Iqtisodiy hamkorlikka katta e’tibor qaratilgan. Saudiya Arabistoni AQSHga 600 mlrd dollar sarmoya kiritishini e’lon qildi. Tramp buni olqishlab, «trillion bo‘lsa, yanada yaxshi bo‘lardi», deb hazilomuz izoh berdi. U bilan birga delegatsiya tarkibida Blackstone, BlackRock rahbarlari va Ilon Mask ham bor edi.
Trampning muloqotdagi asosiy shiori: «Xaos o‘rniga tijorat!» U Eron bilan ham yangicha munosabatlar o‘rnatishni maqsad qilganini ta’kidladi. Uchrashuvdagi eng shov-shuvli qarorlardan biri — Suriyadagi yangi hokimiyatga nisbatan AQSH sanksiyalarining bekor qilinishi bo‘ldi. Tramp bu bilan «Suriyada buyuklikka yo‘l ochmoqdamiz» deya bayonot berdi.
Tramp Suriya prezidenti Ahmad Ash-Shar’ani «yosh, jozibali va juda jiddiy o‘tmishga ega yigit», deb atadi. U Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni «ajoyib» deb baholadi. «Unda salohiyat bor — u haqiqiy yetakchi. Unda chindan ham barchasini o‘z nazoratida ushlash imkoniyati bor», — dedi Tramp.
Shuningdek, u arab davlatlari bilan Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish, G‘azoda urushni to‘xtatish va Yamandagi husiychilarga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratayotganini ma’lum qildi.





