add

Tramp Si Jinping bilan Rossiya nefti importini qisqartirishni muhokama qilmoqchi

26.10.2025 | 10:283142

Tramp kelgusi hafta Si Jinping bilan Rossiyadan neft importini qisqartirish masalasini muhokama qilishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Hindiston butunlay Rossiya neftidan voz kechadi.

Tramp Si Jinping bilan Rossiya nefti importini qisqartirishni muhokama qilmoqchi

AQSH prezidenti Donald Tramp kelasi hafta Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping bilan Rossiyadan neft importini kamaytirish masalasini muhokama etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u Qatar poytaxti Dohada samolyotiga yonilg‘i quyish uchun to‘xtagan chog‘da jurnalistlar bilan suhbatda aytgan, deb xabar bermoqda TASS.

Tramp Si Jingping bilan Koreya Respublikasida bo‘lib o‘tadigan APEC sammiti doirasida uchrashmoqchi. Bungacha u Osiyo qit’asi bo‘ylab turnesida Malayziyada bo‘lib o‘tadigan ASEAN sammitida ham ishtirok etadi. 28 oktyabr kuni Tramp Yaponiyaga tashrif buyurib, yangi bosh vazir Sanae Takaiti bilan uchrashadi.

«Men buni muhokama qilishim mumkin. Xitoy Rossiyadan neft xaridini sezilarli darajada qisqartirmoqda. Hindiston esa undan butunlay voz kechadi», — dedi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala global energetik xavfsizlik va Ukrainadagi urushni moliyalashtirish manbalarini cheklash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

16 oktyabr kuni Vashingtondagi Xitoy elchixonasi vakili Lyu Penyuy Pekin har qanday bosim yoki majburlash shaklini qabul qilmasligini ma’lum qilgan edi. U Rossiya bilan hamkorlikda hurmat va tenglik tamoyillariga amal qilish zarurligini ta’kidlagan. Bu bayonot Tramp Xitoydan Rossiya neftidan voz kechishni talab qilganidan keyin berilgandi.

Manbalarning ta’kidlashicha, Tramp Xitoyga nisbatan ehtimoliy iqtisodiy choralar, jumladan, samolyot ehtiyot qismlari yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan. Oq uydagi manbalar bu bosim orqali Tramp Xitoyni Rossiyaning asosiy energetik bozoridan uzishni ko‘zlayotganini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid