
Tramp Si Jinping bilan uchrashuvni «10 balllik shkalada 12» deb baholadi
Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan AQSH va Xitoy yetakchilari uchrashuvi ikki davlat munosabatlarida yangi bosqichni boshladi. Donald Tramp uchrashuvni “a’lo darajada” deb atadi va Xitoy tovarlariga tariflar 57 foizdan 47 foizgacha pasaytirilishini ma’lum qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Jinping Janubiy Koreyaning Pusan shahrida ikki soatga yaqin davom etgan tarixiy uchrashuv o‘tkazdi. Bu Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri ikki davlat yetakchilari o‘rtasidagi ilk muzokara bo‘ldi.
Uchrashuv yakunlaridan keyin jurnalistlar bilan suhbatda Donald Tramp muzokaralarni «ajoyib» deb baholadi.
«Bu ajoyib uchrashuv bo‘ldi. U buyuk yetakchi. Agar baholash shkalasi 10 bo‘lsa, men 12 qo‘ygan bo‘lardim», — dedi Tramp.
AQSH prezidentining ta’kidlashicha, Amerika Xitoy tovarlariga joriy etilgan tariflarni darhol pasaytiradi. Yangi kelishuv doirasida Pekin AQSHga fentanil komponentlari eksportini to‘xtatish, noqonuniy narkotik savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish va Amerika soyasi hamda nodir yerosti metalllari importini tiklash majburiyatini olgan.
Bundan tashqari, Tramp Xitoy nodir yer metallari va muhim minerallar yetkazib berishni davom ettirishga rozi bo‘lganini ta’kidladi.
Reuters agentligining yozishicha, Trampning bayonotiga ko‘ra, tariflar 57 foizdan 47 foizgacha tushiriladi. Bu Vashington va Pekin o‘rtasidagi to‘qnashuvli savdo munosabatlarini yumshatishga qaratilgan ilk qadam sifatida baholanmoqda.
Bundan tashqari, Tramp ikki davlat Ukrainadagi mojaroni hal qilish borasida «birgalikda ish olib borishi»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Xitoy bu masalada «hamjihat pozitsiya»ni izlab topish niyatida.
Si Jinping hozircha uchrashuv natijalari haqida rasmiy bayonot bermagan. U Pusandan so‘ng APEC sammitida ishtirok etish uchun o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.





