add

Tramp Tailand va Kambodja o‘rtasidagi jangovar to‘qnashuvlarni to‘xtatishga aralashmoqchi

Kecha 19:581181 daqiqa

Tailand–Kambodja chegarasida keskinlik kuchaygan bir paytda, AQSH prezidenti Donald Tramp vaziyatni tinchitish maqsadida ikki davlat rahbarlariga telefon orqali murojaat qilishini bildirdi.

Tramp Tailand va Kambodja o‘rtasidagi jangovar to‘qnashuvlarni to‘xtatishga aralashmoqchi

Yaqin kunlarda Tailand va Kambodja chegarasida qayta boshlangan jangovar to‘qnashuvlar mintaqada xavotirni kuchaytirdi. Reuters xabar berishicha, ikki mamlakat bir-birini tinch aholi yashaydigan hududlarni o‘qqa tutishda ayblamoqda. Janjal dүshanba kuni yana avj oldi, bir necha oydan beri davom etayotgan keskinlik esa diplomatik yo‘l bilan hal qilinmayapti.

AQSH prezidenti Donald Tramp shunday sharoitda yana aralashuv ehtimolini bildirib, iyul oyida uning vositachiligida tuzilgan otashkesim rejimini saqlab qolish uchun telefon orqali muloqot qilishini aytdi. Tramp o‘z chiqishida Pokiston–Hindiston va Isroil–Eron o‘rtasidagi mojarolarni yumshatishda ham rol o‘ynaganini ta’kidlab, «Tailand va Kambodja urushini to‘xtatish uchun ham men qo‘ng‘iroq qilishim kerak bo‘ladi», dedi.

Biroq Tailand hukumati bunday tashabbusga hozircha ochiq emasligini bildirdi. Rasmiy Siripong Angkasakulkiyatning ta’kidlashicha, muzokaralar uchinchi tomon orqali emas, Kambodjaning o‘zi tashabbus ko‘rsatib, tahdidlarni to‘xtatishi va rasmiy ravishda muloqot so‘rashi bilan boshlanishi kerak. Kambodja tomoni esa javoban faqat o‘zini himoya qilganini, tinchlikka intilish pozitsiyasi o‘zgarmaganini ta’kidlamoqda.

Ma’lumot uchun, iyul oyidagi besh kunlik qattiq to‘qnashuvlarda kamida 48 kishi halok bo‘lgandi. O‘sha vaqtda Tramp savdo muzokaralaridan vosita sifatida foydalanib, zaif otashkesim tuzilishini ta’minlagandi.

Hozir esa har ikki davlat rasmiylari vaziyat uchinchi tomon vositachiligi uchun noqulayligini, ammo Kambodja tomoni istalgan payt muzokaraga tayyor ekanini bildirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid