
Tramp «The New York Times»ni sudga berdi
16.09.2025 | 15:0027094
AQSH prezidenti Donald Tramp «The New York Times» nashrini unga nisbatan uzoq yillar davomida yolg‘on va tuhmat tarqatganlikda ayblagan.

AQSH prezidenti Donald Tramp «The New York Times»ni unga va oilasiga nisbatan yillar davomida tuhmat tarqatishda ayblab, 15 milliard dollarlik da’vo kiritdi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Tramp da’vo Floridada ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi va nashrni Demokratlar partiyasining «ovozchisi»ga aylanishda aybladi. U, xususan, «The New York Times»ning 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Kamala Xarrisni qo‘llab-quvvatlaganini misol sifatida keltirdi.
Trampning aytishicha, da’vo summasi nashrning joriy bozor kapitali — taxminan 9,65 milliard dollardan ham yuqori. U o‘z bayonotida gazeta uning oilasi, biznesi va butun Amerika Birinchi harakati haqida uzoq yillar davomida tuhmat va yolg‘on xabarlar tarqatib kelganini ta’kidladi. «The New York Times» esa bunga hozircha rasmiy izoh bermadi.
Tramp prezidentlikka qaytgandan buyon bir qator ommaviy axborot vositalarini sudga bergan. Masalan, u yulda Paramount Global bilan sudlashib, kelishuvga yerishgan. Da’vo CBS telekanali 2024 yil oktyabrda vitse-prezident Kamala Xarris bilan bo‘lgan «60 daqiqa» intervyusini ikki xil ko‘rinishda efirga uzatib, saylov jarayoniga aralashgani haqida edi.
Dekabrda esa Tramp Walt Disney Co.ga qarashli ABC telekanaliga qarshi da’vo qo‘zg‘atgan va ular bilan ham kelishuvga erishgan. Kelishuvga ko‘ra, telekanal Trampning kelgusi prezidentlik fondi yoki muzeyiga 15 million dollar ajratishi kerak. Bu ish telekanal boshlovchilaridan biri Tramp haqidagi avvalgi sud qarorini noto‘g‘ri talqin qilib, uni tuhmat qilgani haqidagi da’volarga asoslangan.
Tramp so‘nggi bayonotida bu holatlarni misol qilib, «bu uzoq yillik niyat va suiiste’mol namunasi bo‘lib, bunday holat mutlaqo qabul qilinmaydi va noqonuniydir», dedi. Shuningdek, «The New York Times»ga uzoq yillar davomida yolg‘on va tuhmat tarqatishga yo‘l qo‘yildi, endi bu TO‘XTAYDI!» — deya yozdi Tramp.





