add

Tramp tillarang smartfon chiqarmoqchi — avgustda T1 Phone namoyishi kutilmoqda

17.06.2025 | 11:0025993

Donald Trampga tegishli Trump Organization kompaniyasi AQSHda ishlab chiqariladigan smartfon va mobil aloqa xizmati – Trump Mobile’ni taqdim etmoqchi. Yangi qurilma avgust oyida namoyish etiladi.

Tramp tillarang smartfon chiqarmoqchi — avgustda T1 Phone namoyishi kutilmoqda
AQSH prezidenti, tadbirkor Donald Trampga tegishli Trump Organization kompaniyasi Trump Mobile mobil aloqa xizmatini ishga tushirishini va avgust oyida Amerikada ishlab chiqariladigan T1 Phone smartfonini taqdim etishni rejalashtirganini e’lon qildi. Tilla suvi yuritilgan smartfonning narxi 499 AQSH dollari etib belgilandi. U Android tizimida ishlaydi va 12+256 GB xotira, 50 megapiksellik asosiy kamera va 16 megapiksellik selfi kameraga ega bo‘ladi. Yangi operator AQSHning uchta yirik uyali aloqa kompaniyalari — AT&T, Verizon va T-Mobile bilan virtual operator modelida faoliyat yuritadi. Ya’ni, u o‘z tarmog‘iga ega bo‘lmasa-da, mavjud infratuzilma orqali xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya tomonidan taklif etilayotgan asosiy tarif — «47 Plan» 47,45 dollar bo‘ladi va bu Donald Trampning 45- va 47-prezidentlik muddatlariga ishora qiladi. Abonentlar Trump Mobile xizmatidan yangi T1 Phone smartfonida ham, boshqa qurilmalarda ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tramp may oyida bergan bayonotida, agar Apple va boshqa yirik texnologiya kompaniyalari AQSHda smartfon ishlab chiqarishni boshlamasa, mamlakat tashqarisida ishlab chiqarilgan iPhone qurilmalariga 25 foiz va undan ortiq boj soliqlari joriy etilishini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid