
Tramp To‘qayevga maxsus sovg‘a yubordi
Tramp To‘qayevga bir nechta sovg‘a, jumladan, Oq uyning ramziy kaliti va Amerika yetakchisining dastxati tushirilgan beysbol kepkasini yubordi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga Oq uyning ramziy kaliti va imzosi qo‘yilgan beysbol kepkasini yubordi hamda samimiy tilaklarini yetkazdi. Bu haqda Qozog‘iston prezidentining yordamchisi — matbuot kotibi Ruslan Jeldibay o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
«Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng bo‘lib o‘tgan qisqa suhbat chog‘ida AQSH prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston elchisi Mag‘jan Ilyosov bilan joriy yil noyabr oyida Oval kabinetda davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan. Shuningdek, AQSH prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga bir nechta sovg‘a, jumladan, Oq uyning ramziy kaliti va uning dastxati tushirilgan beysbol kepkasini yubordi», - degan Jeldibay.
AQSH Prezidenti Qozog‘iston rahbariga shaxsiy samimiy tilaklarini yetkazib, unga bo‘lgan hurmatini ta’kidlagan hamda To‘qayevni xalqaro jarayonlarni chuqur va mulohaza bilan tushunadigan tajribali davlat arbobi sifatida ta’riflagan.
Noyabr oyida To‘qayev AQSHga tashrifi davomida Tramp bilan muzokaralar olib borgandi. Ilgari Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi dekabr oyida Oq uyda Qozog‘iston elchisi Mag‘jan Ilyasov tomonidan AQSH prezidentiga ishonch yorliqlari topshirilgani haqidagi tantanali marosim bo‘lib o‘tganini ma’lum qilgan edi.
Oq uyning ramziy kaliti (Key to the White House) — bu AQSH ma’muriyati tomonidan yuksak martabali mehmonlarga, davlat rahbarlariga yoki alohida xizmat ko‘rsatgan shaxslarga topshiriladigan ramziy mukofotdir. Bu «shahar kaliti» an’anasiga o‘xshash bo‘lib, Oq uy eshiklari ushbu rahbar va u vakillik qilayotgan davlat uchun hamisha ochiq ekanini anglatadi.





