
Tramp: «Ukrainadagi urushni to‘xtatishimga ishonchim yo‘q»
06.07.2025 | 20:2038794
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatish imkoniyatiga ishonch bildirmadi. Uning bu bayonoti saylovoldi kampaniyasida bergan va’dalaridan keskin farq qilmoqda.
Politico nashrining xabar berishicha AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni to‘xtatish imkoniyati bo‘yicha aniq ishonchga ega emasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu murakkab masala va buning natijasi qanday bo‘lishini oldindan aytish mushkul.
Tramp jurnalistlar bilan suhbatda urushni to‘xtatishni o‘zining tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishi sifatida qayd etdi. Biroq u bu maqsad amalga oshish-oshmasligi noma’lumligini ochiq tan oldi.
Saylovoldi kampaniyasida Tramp prezidentlikka kelgan kundanoq urushni to‘xtatishini va’da qilgandi. Keyinchalik TIME jurnaliga bergan intervyusida bu va’dani «mubolag‘a» deb baholadi.
«Ukraina masalasi — Baydenning kelishuvi, mening emas. Men uni yakunlashga harakat qilyapman», — dedi Tramp. U shu hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot o‘tkazganini ma’lum qildi.
Putin bilan bo‘lgan suhbat hech qanday natija bermaganini qayd etgan Tramp, Zelenskiy bilan o‘tkazilgan suhbatni esa «juda muhim va samarali» deb baholadi. Ular Ukraina havo himoyasi, qo‘shma mudofaa ishlab chiqarish va investitsiya masalalarini muhokama qilgan.
Tramp Putin bilan bo‘lgan suhbatdan qoniqmaganini ta’kidladi. «U baribir odamlarni o‘ldirishni davom ettirmoqchi. Bu juda yomon», — dedi u.
Pentagon bu hafta Ukrainaga qurol yetkazish jarayonini vaqtincha to‘xtatganini bildirgan edi. Tramp esa hozircha qurol yetkazish davom etayotganini va AQSH Ukrainaga yordam berishda davom qilayotganini ma’lum qildi.





