
Tramp Ukrainaga katta yordam va AQSH tinchlikparvarlarini yuborish ehtimolini aytdi
19.08.2025 | 09:0030073
Oq uydagi uchrashuvda Donald Tramp Ukrainaga harbiy yordam va xavfsizlik kafolatlari masalasida Yevropa bilan hamkorlik qilishini bildirdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 18 avgust kuni Oq uyda Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazgan uchrashuvda Kiyevga xavfsizlik sohasida «katta yordam» berilishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Vashington bu masalada Yevropa ittifoqchilari bilan hamkorlikda harakat qiladi.
«Biz ularga yordam beramiz, yordam katta bo‘ladi. Lekin birinchi chiziqda Yevropa turibdi ular frontga yaqinroq. Shunga qaramay, biz ham qatnashamiz», — dedi Tramp jurnalistlar savollariga javoban. Shu bilan birga, u AQSH tomonidan tinchlikparvar kuchlar yuborilishi ehtimolini inkor etmadi.
Tramp bu masala Yevropa Ittifoqi va NATO yetakchilari bilan muhokama qilinishi kerakligini qayd etdi. «Biz bu haqda sizlarga, ehtimol, bugunroq ma’lumot beramiz. Yevropa rahbarlari ham qatnashadi. Lekin yordam juda, juda katta bo‘ladi», — dedi u.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Trampning tinchlikparvar kuchlarni yuborish g‘oyasidan darhol voz kechmasligi uning urushni tugatish borasidagi yondashuvida o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rsatadi. Ilgari u bunday tashabbuslarni Yevropa mamlakatlari qo‘liga topshirish kerakligini ta’kidlar edi.
Zelenskiy esa tinchlik kelishuvi uchun qanday kafolatlar kerakligi haqidagi savolga javoban, Ukrainaga kuchli armiya, qurol-yarog‘, harbiy tayyorgarlikka ko‘mak va razvedka ma’lumotlari almashuvi zarurligini aytdi. Unga ko‘ra, bu omillar AQSH va boshqa yetakchi davlatlarning yordamiga bog‘liq bo‘ladi.





