add

Tramp Xitoyga qarshi «Oltin flot» yaratmoqchi — WSJ

25.10.2025 | 22:053831

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat harbiy dengiz kuchlarini tubdan yangilaydigan va «Oltin flot» deb nomlanadigan yangi dasturni boshlamoqchi. Loyiha Xitoyga qarshi strategik ustunlikni ta’minlashga qaratilgan.

Tramp Xitoyga qarshi «Oltin flot» yaratmoqchi — WSJ

The Wall Street Journal yozishicha, Donald Tramp shaxsan AQSH dengiz kuchlarini modernizatsiya qilish loyihasi bilan shug‘ullanmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, Oq uy va Dengiz kuchlari qo‘mondonligi yaqin haftalarda yangi «Oltin flot» konsepsiyasini muhokama qilishni boshlagan. Uning maqsadi — Xitoy va boshqa ehtimoliy raqiblar bilan raqobatda texnologik va harbiy ustunlikni ta’minlash.

Loyiha doirasida flotning umumiy sonini emas, balki sifati va samaradorligini oshirish rejalashtirilmoqda. Yangi tizimda katta hujumchi kema va korvetlar, shuningdek, 15–20 ming tonna og‘irlikdagi zamonaviy jangovar kema loyihalari ishlab chiqilmoqda. Ular gipertovushli raketa tizimlari bilan jihozlanishi kutilmoqda.

«Oltin flot» nomlanishi Trampning boshqa tashabbuslari — «Oltin gumbaz» nomli raketaga qarshi mudofaa tizimi va investitsiya evaziga tezlashtirilgan «Oltin karta» vizasi dasturi bilan uyg‘unlikda. Prezidentning fikricha, yangi flot AQSHning harbiy nufuzini tiklab, Yaqin va Sharqiy Osiyodagi kuch muvozanatini saqlab qolishga yordam beradi.

AQSH Dengiz kuchlarining sobiq ofitseri va loyiha muhokamalarida ishtirok etuvchi mutaxassis Brayan Klarkning WSJ’ga ma’lum qilishicha, yangi konsepsiya 280–300 ta kema va ko‘p sonli dron suv kemalarini qamrab oladi. Ular jangovar operatsiyalarda yordamchi kuch sifatida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.

AQSH rasmiylarininn ta’kidlashicha, «Oltin flot» loyihasi mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish bilan birga, Xitoy bilan bahsli dengiz hududlarida kuch muvozanatini ta’minlashni ko‘zlaydi.

Teglar

Mavzuga oid