
Tramp yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun 1000 dollar investitsiya hisobini joriy etmoqda
Donald Tramp AQSHda tug‘ilgan har bir bola uchun davlat mablag‘idan ochiladigan investitsiya hisoblarini taklif qildi, dastur 2025–2028 yillarni qamrab oladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp yangi davlat tashabbusi — «Trump Accounts» deb nomlangan investitsiya hisoblarini rasman taqdim etdi. «Reuters» agentligining xabar berishicha, dasturning asosiy maqsadi yosh oilalarning moliyaviy himoyasini kuchaytirish va kapital jamg‘arishni bola tug‘ilgan paytdan boshlashdir.
Tashabbusga ko‘ra, 2025–2028 yillar oralig‘ida AQSH hududida tug‘ilgan har bir bola uchun davlat tomonidan 1000 dollar miqdorida mablag‘ ajratiladi. Ushbu pul AQSH G‘aznachiligi tomonidan ochiladigan maxsus investitsiya hisoblariga avtomatik ravishda o‘tkaziladi.
Hisobdagi mablag‘lar past komissiyali indeks fondlarga yo‘naltiriladi. Bu kapitalning fond bozori o‘sishi bilan birga ko‘payishini ta’minlashi kutilmoqda. Daromaddan soliq faqat mablag‘ yechib olingan paytda to‘lanadi.
Hisob qanday ishlaydi?
Dastur doirasida oilalarga hisobni mustaqil ravishda to‘ldirish huquqi beriladi. Yillik qo‘shimcha badal miqdori 5000 dollargacha etib belgilangan. Shu bilan birga, Tramp xususiy kompaniyalarni ham tashabbusga qo‘shilishga chaqirib, xodimlarining farzandlari uchun bunday hisoblarga mablag‘ o‘tkazishni taklif qildi.
Oq uy hisob-kitoblariga ko‘ra, hech qanday qo‘shimcha to‘lov qilinmagan taqdirda ham, bola 18 yoshga yetguncha hisobdagi summa taxminan 5800 dollargacha o‘sishi mumkin. Agar esa har yili maksimal miqdorda qo‘shimcha badal kiritilsa, 28 yoshga kelib jamg‘arma 1,1 mln dollargacha yetishi ehtimol qilinmoqda.
Ma’muriyat ushbu raqamlarni fond bozorining o‘rtacha uzoq muddatli o‘sish sur’atlariga asoslangan holda keltirmoqda.
Siyosiy va iqtisodiy signal
Donald Trampning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus faqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash emas, balki uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy strategiyadir.
«O‘n yildan keyin “Trump Accounts” barcha davrlarning eng transformatsion siyosiy innovatsiyalaridan biri sifatida esga olinadi. Bu faqat boylik haqida emas, bu — uy sotib olish, biznes ochish va yangi oilalar qurish imkoniyati haqida», — dedi u.
Tahlilchilarning fikricha, tashabbus amalga oshsa, u AQSHda davlatning bolalar uchun kapital jamg‘arishga bevosita aralashuvi bo‘yicha ilk yirik tajribaga aylanadi. Shu bilan birga, dasturning budjetga tushadigan yuki va fond bozoriga bog‘liq risklari keyingi siyosiy muhokamalarning asosiy mavzusi bo‘lishi kutilmoqda.





