
Tramp Yevropa internetini o‘chirishi mumkin – Politico
Politico tahliliga ko‘ra, AQSH ma’muriyati Yevropa internet infratuzilmasini cheklashi ehtimoli bor, chunki YeI amerikalik bulut xizmatlariga qattiq bog‘langan.

Politico nashri yozishicha, Donald Tramp ma’muriyati Yevropaga nisbatan qo‘llashi mumkin bo‘lgan bosim vositalaridan biri sifatida internetni o‘chirish ehtimolini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu, birinchi navbatda, Yevropa mamlakatlarining amerikalik texnologik gigantlarga – Amazon, Microsoft va Google’ga to‘liq bog‘langani bilan izohlanmoqda.
Hozirda mazkur uchta kompaniya Yevropa bulut xizmatlari bozorining qariyb ikki uchdan bir qismini nazorat qilmoqda. Elektron pochta, video platformalar va davlat aloqalari kabi muhim tizimlar aynan shu xizmatlarga suyangan. Bu esa, Politico ta’kidlashicha, Yevropani AQSH siyosatiga nisbatan zaif holatga keltirmoqda.
Zak Myers (CERRE tahlil markazi rahbari)ning so‘zlariga ko‘ra, Tramp YeIni Amerika manfaatlariga qarshi harakat qiluvchi tizim deb biladi. Uning qayd etishicha, “bundan olti oy avval mutlaq ehtimolsiz deb hisoblangan choralar bugungi geosiyosiy vaziyatda haqiqiy tahdidga aylandi”.
Yevropa bu xatarga qarshi o‘z raqamli infratuzilmasini yaratish harakatlarini boshladi. EuroStack tashabbusi doirasida Yevropa davlatlari IT sohasida mustaqillikka erishishni maqsad qilmoqda. Bu loyihaga 300 milliard yevro atrofida mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan va u Yevropa parlamenti hamda qator davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Shu bilan birga, Amazon, Microsoft va Google o‘z mijozlariga xizmatlarni uzluksiz ko‘rsatishga intilayotganini ma’lum qilmoqda. Biroq tahlilchilar, xususan UCL professori Kristina Kaffarra, bu kompaniyalar siyosiy bosim ostida mustaqil harakat qila oladimi, degan savolni qo‘ymoqda.





