
Tramp Yevropa Ittifoqiga tariflar oshishi bilan tahdid qildi
07.08.2025 | 11:3026383
Yevropa Ittifoqi kompaniyalari AQSHga 600 mlrd dollar investitsiya va’da qilgan, Trampga ko‘ra, bu shart hali bajarilmagan.
AQSH prezidenti Donald Tramp, agar YeI AQSHga investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvni bajarmasa, Yevropa Ittifoqi tovarlariga 35 foizlik import tariflari joriy etilishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda u CNBC telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI tomoni 600 mlrd dollarlik sarmoya majburiyatini olgan, shu munosabat bilan AQSH avval ularga nisbatan tariflarni 30 foizdan 15 foizga tushirgan. Tramp buni «YeI tomonidan berilgan sovg‘a» deb atadi va uning ta’kidlashicha, bu mablag‘ni AQSH o‘z xohishiga ko‘ra ishlatishi mumkin.
Shu bilan birga, Tramp ba’zi davlatlar AQSHdan nega YeIga boshqalardan kam boj to‘lanishi haqida norozilik bildirganini aytib, buni ular tomonidan berilgan sarmoya miqdori bilan izohladi.
DPA agentligining ta’kidlashicha, Trampning bu bayonotlari Bryusselning kelishuv bo‘yicha rasmiy talqiniga zid keladi. Yevropalik manbalarga ko‘ra, YeI kompaniyalari 2029 yilgacha AQSH iqtisodiyotiga kamida 600 mlrd dollar sarmoya kiritishdan manfaatdor, ammo bu aniq majburiyat emas.
Shuningdek, Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, YeI kelgusi yillarda AQSHdan 750 mlrd dollarlik energiya resurslari xarid qilish niyatida. Shu bois, Trampning bayonotlari ikki tomonlama kelishuvning mazmuniga nisbatan turlicha yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi.





