add

Tramp–Zelenskiy uchrashuvi: dastlabki bayonotlar

Bugun 07:582 daqiqa

Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy uchrashuvidan so‘ng, tomonlar Ukraina bo‘yicha kelishuv 95 foizga yaqin ekanini ma’lum qildi.

Tramp–Zelenskiy uchrashuvi: dastlabki bayonotlar

AQSH prezidenti Donald Tramp Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin jurnalistlar oldida chiqish qildi. Tramp uchrashuvni «juda samarali» deb atab, tomonlar ko‘plab masalalarni muhokama qilganini va kelishuvga «juda yaqin» ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avval amalga oshmaydi, deb hisoblangan jihatlar bo‘yicha ham ilgarilash mavjud.

Zelenskiy esa 20 banddan iborat tinchlik rejasi bo‘yicha ishning asosiy qismi kelishib olinganini ta’kidladi. Uning aytishicha, hujjatning 90 foizi bo‘yicha kelishuv bor, xavfsizlik kafolatlari esa to‘liq muvofiqlashtirilgan. Tomonlar muzokaralarni davom ettirib, qolgan masalalarni yaqin kunlarda hal qilish niyatida.

Tramp Donbass masalasi eng og‘ir va murakkab yo‘nalish bo‘lib qolayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvda hali bir yoki ikki «og‘riqli» masala ochiq qolgan, biroq umumiy jarayon qariyb 95 foizga yakuniga yetgan. Prezident aniq foizlar bilan ishlashni yoqtirmasligini aytgan bo‘lsa-da, kelishuvga yaqinlikni yana bir bor tasdiqladi.

Zelenskiy ayrim bandlar bo‘yicha referendum o‘tkazish ehtimolini istisno qilmadi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina jamiyati qaror qabul qilishda faol ishtirok etishi mumkin. Tramp esa, kelishuv masalalari referendum yoki parlament orqali hal etilishini, aholi esa urushni to‘xtatish tarafdori ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainaliklarning katta qismi janglarni yakunlashni istaydi.

Shuningdek, Tramp Zaporijjya atom elektr stansiyasi masalasi Vladimir Putin bilan muhokama qilinganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni stansiyaning Ukraina uchun ham ochiq bo‘lishini istaydi. Tramp yaqin oylarda yangi hududlar yo‘qotilishi xavfi borligini aytib, kelishuvni kechiktirmaslikka chaqirdi.

AQSH prezidenti zarurat bo‘lsa, tinchlik yo‘lida Ukrainaga borishga va parlamentda chiqish qilishga tayyor ekanini bildirdi. U shuningdek, kelishuv bir necha hafta ichidayoq amalga oshishi mumkinligini istisno qilmadi. Tramp Rossiya Ukraina tiklanishida ishtirok etishga tayyorligini, Yevropa esa xavfsizlik kafolatlarining katta qismini o‘z zimmasiga olishini ta’kidladi. AQSH tomonidan esa maxsus ishchi guruh tuzilib, muzokaralarda faol ishtirok etishi ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid