
Trampga suiqasd qilishda ayblangan shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
AQSH sudi Donald Trampga suiqasd qilishga urinishda ayblangan Rayan Rautga eng og‘ir jazoni tayinladi.

AQSH Federal sudi Donald Trampga nisbatan suiqasd qilishga urinish ishi bo‘yicha Rayan Rautni muddatidan oldin ozod etish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Sud qaroriga ko‘ra, ayblanuvchi jamiyat uchun o‘ta xavfli deb topildi va unga nisbatan yengillashtiruvchi holatlar aniqlanmadi.
Tergov xulosasi
Tergov materiallarida qayd etilishicha, hodisa 2024 yil sentabr oyida Florida shtatidagi Uest Palm Bich shahrida sodir bo‘lgan. Rayan Raut o‘sha paytda Donald Tramp bo‘lgan golf maydoni yaqinida o‘qotar qurol bilan yashiringan. Uni AQSH Maxfiy xizmati xodimi payqab qolgan va zudlik bilan qo‘lga olgan. Hodisa natijasida Trampga hech qanday zarar yetmagan.
Sud Rautni bir qator og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topdi. Ular orasida AQSH prezidentligiga nomzodni o‘ldirishga urinish, o‘qotar qurolga noqonuniy egalik qilish hamda federal agentga qarshilik ko‘rsatish moddalari bor. Umrbod qamoq jazosidan tashqari, qurol bilan bog‘liq jinoyat uchun qo‘shimcha ravishda yetti yillik jazo ham tayinlandi.
Rayan Raut hujumni oldindan rejalashtirganmi?
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, sudlanuvchi hujumni oldindan puxta rejalashtirgan. U o‘z harakatlarini yashirish maqsadida bir nechta mobil telefonlardan, shuningdek, soxta ismlardan foydalangan. Bu holatlar sud tomonidan og‘irlashtiruvchi omil sifatida baholandi.
Raut sud jarayonida qotillik qilish niyati bo‘lmaganini aytgan bo‘lsa-da, sud bu bayonotni ishonchsiz deb topdi. Federal sudya Aylin Kennon hukmni o‘qish chog‘ida ayblanuvchida pushaymonlik alomatlari yo‘qligini ta’kidladi. Hukm e’lon qilingach, Raut sud zalida o‘ziga zarar yetkazishga urindi, ammo federal marshall xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatildi.





