
Trampning tariflari Toyota’ga 1,2 mlrd dollar zarar keltirdi
18.05.2025 | 17:0525053
AQSH prezidenti Donald Trampning import bojlari siyosatidan eng ko‘p jabr ko‘rgan kompaniya — Yaponiyaning Toyota konserni bo‘ldi. Kompaniga ikki oyda kelgan zarar 1,2 mlrd dollarga yetdi.

AQSHda 11 ta ishlab chiqarish korxonasiga ega bo‘lgan Toyota har yili 1,2 million avtotransport vositasini xorijdan olib kiradi. Ushbu ulovlar qatorida Prius, 4Runner va Lexus modellari ham bor. Ammo 2 apreldan 25 foizlik boj joriy etilishi va 3 maydan ehtiyot qismlarga ham 25 foizlik tarif kuchga kirishi kompaniya xarajatlarini keskin oshirdi.
Prezident Donald Tramp Toyota’ni AQSH bilan savdo muvozanatini buzuvchi yetakchi kompaniyalardan biri sifatida tilga olgan. Kompaniya Kentukki va Missisipidagi zavodlarini to‘liq quvvatda ishlatmoqda, ammo Yaponiyadan modellarni ko‘chirish ishlab chiqarish salohiyati cheklangani uchun imkonsiz hisoblanadi.
Toyota 2020 yildan buyon AQSHga $21 mlrd sarmoya kiritgan. Shuningdek, kompaniya Shimoliy Karolinada yangi akkumulyator zavodini qurmoqda, Corolla gibrid modellarini Yaponiyadan AQSHga ko‘chirmoqda va Alabamada Mazda bilan qo‘shma zavod ochgan. Biroq Kanadaga eksportda murakkabliklar yuzaga kelmoqda.
Tokio hukumati iyunga qadar Vashington bilan kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Yapon OAV ma’lumotiga ko‘ra, bojlar sabab ayrim konsernlar soat sayin 1 mln dollargacha yo‘qotmoqda.
Toyota rahbariyati AQSH bilan kelishuv bo‘lmasa, bu 2025 yilgi moliyaviy ko‘rsatkichlarga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatishini ma’lum qilgan.





