add

Trampning tinchlik rejasi 9 bandga qisqartirildi

Kecha 22:5511382 Daqiqa

Undan nima chiqarib tashlanganini aniq aytish qiyin.

Trampning tinchlik rejasi 9 bandga qisqartirildi

Jenevadagi muzokaralar yakuniga ko‘ra, Donald Trampning tinchlik rejasi dastlabki 28 banddan 19 bandga qisqartirildi. Bu haqda Financial Times muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarga tayanib, xabar berdi.

Nashr suhbatdoshlari aynan qaysi bandlar chiqarib tashlanganiga oydinlik kiritmagan.

Tinchlik rejasi sezilarli darajada o‘zgargani haqida Jenevadagi muzokaralarda ishtirok etgan Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksandr Bevz ham ma’lum qildi.

«Hamma ko‘rgan 28 bandli reja endi avvalgi ko‘rinishda mavjud emas. Bandlarning bir qismi olib tashlandi, bir qismi o‘zgartirildi. Ukraina tomonining birorta ham e’tirozi e’tiborsiz qolmadi. Eng muammoli masalalar bo‘yicha yakuniy qarorlarni prezidentlar qabul qiladi», - deya u ijtimoiy tarmoqlarda yozdi.

Bloomberg agentligi xabardor manbalarga tayanib, tinchlik rejasining yangi versiyasida Rossiyaning muzlatilgan 100 milliard dollarlik aktivlarini Ukrainani tiklash dasturlariga ajratish va AQSHga bu operatsiyadan 50 foiz foyda berish bandi tilga olinmaganini xabar qilmoqda.

«RBK-Ukraina» manbalarining ma’lum qilishicha, Jenevadagi uchrashuvda Ukraina va AQSH delegatsiyalari Trampning tinchlik rejasining ko‘pchilik bandlarini kelishib olishga, bahsli bandlarning katta qismini esa tuzatishga erishgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari soni, Zaporijjya atom elektr stansiyasini nazorat qilish masalasi, shuningdek, asirlar va mahbuslarni almashish tartibi bahsli masalalar qatoriga kiritilgan.

«Shuningdek, delegatsiyalar hududlar va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmasligi haqidagi bandlarni alohida ko‘rib chiqishga kelishib olishgan — bular prezidentlar darajasida muhokama qilinadi», - deb yozmoqda nashr.

Shu orada Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva tinchlik kelishuvi loyihasini olganini, biroq uni ular bilan hech kim muhokama qilmaganini ma’lum qildi.

«Bizga muhokama qilinayotgan loyiha topshirildi va u, tabiiyki, bizning tomonimizdan ham, Ukraina tomonidan ham, Amerika va Yevropa tomonidan ham qayta ishlanadi, o‘zgartiriladi», - dedi u jurnalistlarga.

Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Tramp rejasining ko‘plab qoidalari Kremlga «mutlaqo maqbul» ko‘rinadi.

«Boshqa qoidalar bo‘yicha — u yerda ko‘p, 28 ta band bor — bu qoidalar tomonlar o‘rtasida eng batafsil muhokama va ko‘rib chiqishni talab qiladi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Teglar

Mavzuga oid

Trampning tinchlik rejasi 9 bandga qisqartirildi | Vaqt.uz