add

Trampning tinchlikparvar imiji xavf ostida — Isroilning zarbalari ortidan unga nisbatan tanqidlar kuchaydi

14.06.2025 | 20:00167212

Donald Tramp o‘tgan yili AQSH prezidentlik saylovini tinchlik o‘rnatish va’dasi bilan yutgan edi. Endi esa Amerika Isroil va Eron o‘rtasidagi yangi urushga tortib ketilishi xavfi ostida turgan bir paytda, bu va’da ortiqcha bo‘lib ko‘rinmoqda.

Trampning tinchlikparvar imiji xavf ostida — Isroilning zarbalari ortidan unga nisbatan tanqidlar kuchaydi
Saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Tramp G‘azodagi mojaroni oson hal qilishi, Eronning yadroviy dasturini diplomatik yo‘l bilan to‘xtatishi va Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi urushni prezidentlikka kirishganidan so‘ng 24 soat ichida tugatishi mumkinligini aytgan edi. Noyabrdagi g‘alaba nutqida u shunday degan edi: «Ular ʻu urush boshlaydiʼ, deyishdi. Lekin men urush boshlamayman, urushlarni to‘xtataman». Bu g‘oya AQSHning o‘n yillar davomidagi Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi harbiy intervensiyalaridan charchagan amerikalik saylovchilar uchun juda ta’sirli bo‘lgandi — Tramp ko‘pincha ularni Amerika uchun «abadiy urushlar» deb atagan. Ammo payshanba kuni kechasi Isroilning Eronga qarshi zarbalari ortidan Trampning sodiq MAGA tarafdorlari orasida xavotir kuchaymoqda. Ular urushga qarshi prezident yana bir xorijiy harbiy mojaroga tortib ketilishi mumkinligidan qo‘rqmoqda — bu gal esa Yaqin Sharqdagi eng kuchli ikki armiya o‘rtasidagi to‘qnashuv bo‘lishi mumkin. Trampning ilk prezidentlik muddatidagi bosh strategi Stiv Bennon bu haqda shunday dedi: «Isroilliklar — ʻEng avvalo Isroilʼ, deyishadi. Biz esa har doim ʻEng avvalo Amerikaʼ bo‘lishimiz kerak. Quddusda esa Masih payg‘ambarning so‘zlari ustida tafakkur qilishsin: ʻkim qilich bilan yashasa, qilichdan halok bo‘ladiʼ». Financial Times muxbiri uning AQSH Eron bilan urushga tortilib ketishidan qo‘rqish-qo‘rqmasligini so‘raganida, Bennon: «Juda qo‘rqaman», deb javob berdi. Bu xavotir Trampning ko‘pgina tarafdorlari orasida umumiy bo‘lib, juma kuni Isroilga qarshi Eron tomonidan amalga oshirilgan raketa zarbalaridan tashqari, Tehron AQSH harbiy bazalariga ham zarba berish ehtimoli ko‘proq muhokama qilinmoqda. Xo‘jayiniga sodiq o‘ngchi podkaster Tim Pul ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: «Isroil Eronni bizga zarba berishga undamoqda». O‘ngchi bloger Jek Posobek esa: «Amerika yana bir marta Yaqin Sharqdagi urushga tortilayotgandek. Bu esa aynan Tramp Pensilvaniya, Michigan va Viskonsinda saylov kampaniyasida va’da qilgan narsaning g‘irt teskarisi», — dedi. Posobek Thoughtcrime deb nomlangan videopodkastda taniqli o‘ngchi bloger Charli Kerk bilan ishtirok etayotgan paytda Isroilning Erong hujumlari haqidagi ilk ma’lumotlar kelib tusha boshladi. Ular hujum MAGA bazasida xavotir uyg‘otishini aytishdi. Kerk: «Bu internetda MAGA safida juda katta bo‘linishga olib keladi. Men bunga MAGA fuqarolik urushi demoqchi emasman, ammo internetda g‘azabnok muhokamalar boshlanadi va bundan chiqib ketish juda qiyin bo‘ladi», — dedi. Keyinroq Kerk yahudiylar AQSHni Erondagi «mullalarni yo‘q qilish»ga undashini aytdi, ammo ogohlantirdi: «AQSHning Afg‘oniston, Iroq va Liviyadagi intervensiyalari boshida oson bo‘lgandi. Ammo oylar va yillar o‘tgan sari ular qimmat, samarasiz va botqoq urushlarga aylandi. Birortasi arzimadi». Xuddi shu podkastda Turning Point USA nodavlat tashkilotining faoli Tayler Boyer: «Agar Trampning 2024 yildagi kampaniyasini bir so‘z bilan ifoda etish kerak bo‘lsa, bu ʻmen saylansam, uchinchi jahon urushi bo‘lmaydiʼ, degani edi», — dedi. «Trampning eng katta va’dalaridan biri shunday edi — ʻmen bilan kamroq urush bo‘ladi, men urushga qarshi prezidentman» degan gaplarni ham qo‘shimcha qildi. Breitbart saytining Vashingtondagi byurosi rahbari Metyu Boylning aytishicha, Tramp uchun vaziyat juda murakkab: u AQSHni keng ko‘lamli urushdan uzoq tutishi, Isroilni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi va Eronni yadroviy bombaga ega bo‘lishidan to‘xtatishi kerak. «U nima qilishi bu prezidentlik muhlati uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Lekin agar bu kabi xavfli vaziyatni boshqarishga qodir biror kishi bo‘lsa, u Prezident Trampdir», — dedi Boyl. Biroq MAGA tarafdorlari uchun vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan omil — Trampning haqiqiy pozitsiyasi noma’lumligidir. May oyi oxirida u Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni Eronga hujum qilmaslikka chaqirganini aytgan edi, chunki Vashington o‘sha paytda Tehron bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan edi. Bu esa Isroil AQSHning xohishiga qarshi harakat qilgan, degan taxminlarga olib keldi. Bu taassurotni AQSH davlat kotibi Marko Rubioning «bu AQSH ishtirokisiz amalga oshirilgan bir tomonlama harakat», degan bayonoti yanada mustahkamladi. Biroq juma kuni Tramp The Wall Street Journal nashriga AQSH hujum haqida avvaldan xabardor bo‘lganini aytdi va uni «insoniyat uchun katta tahdid bo‘lgan Eronning yadroviy qurol yaratishini to‘xtatadigan, afor omma uchun eng zo‘r voqea» deb atadi. Podkastchi Saagar Enjeti shunday dedi: «Tramp endilikda Isroilning hujumini maqtamoqda, bunda AQSHning moddiy ko‘magi bo‘lganiga ham ishora qildi, Isroil matbuoti esa uning avvalgi hujumga qarshi bayonoti Eronni chalg‘itish uchun bo‘lgan dezinformatsiya kampaniyasi ekanini yozmoqda. Demak, urushdan qochmoqchi bo‘lgan, bizlarni masxara qilgan Isroil emas, aynan Trampning o‘zi». Boyl esa Trampning Eron yadroviy dasturini tugatishga oid tarixiy kelishuvga erishish maqsadi hanuz amalga oshishi mumkin, deb hisoblaydi va Isroilning zarbalari bunda unga hozircha oldin bo‘lmagan ustunlik berishi mumkinligini aytdi. «Isroilning qilgan ishi Trampning muzokaradagi pozitsiyasini mustahkamlaydi», — dedi u. «Bu esa avval mavjud bo‘lmagan ustunlikni yaratadi». Bu fikrni Trampning o‘zi ham takrorladi. Juma kuni CNN telekanalidagi Dana Bash bilan suhbatda u: «Eron bilan muzokaralarda ishtirok etayotgan barcha ʻradikallarʻ o‘ldi», — dedi. Bash Trampdan: «Ularni Isroil o‘ldirdimi?» deb so‘raganida, u: «Harholda gripp yoki koronavirusdan emas», — deb javob berdi.

Teglar

Mavzuga oid