
Trampning yangi «suyuklisi»: Sinfdoshining kuyovi Federal zaxira tizimi tepasiga kelyapti
Federal zaxira tizimi an’anaviy ravishda siyosatdan xoli va mustaqil bo‘lishi kerak. Trampning o‘z qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydigan Kevin Uorshni nomzod qilib ko‘rsatishi — bu Markaziy bankning mustaqilligiga nisbatan katta bosimdir.

Donald Tramp Federal zaxira tizimi (FZT — AQSH markaziy banki)ning navbatdagi rahbari lavozimiga uning boshqaruv kengashi sobiq a’zosi Kevin Uorshni nomzod qilib ko‘rsatdi. Bu haqda AQSH prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
«Men Kevinni anchadan beri bilaman va uning tarixga FZTning eng buyuk raislaridan biri, ehtimol, eng yaxshisi bo‘lib kirishiga shubha qilmayman. Bundan tashqari, u bu lavozimga juda mos keladi va u hech qachon pand bermaydi», - deb yozdi Tramp.
Siyosiy maqsadlar
May oyida FZTning amaldagi rahbari Jerom Pauellning vakolat muddati tugaydi. Pauellning o‘zi ham 2017 yilda, Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida nomzod sifatida ko‘rsatilgan edi. Biroq, so‘nggi paytlarda prezident uni foiz stavkalarini juda sekin pasaytirishda qayta-qayta tanqid qildi va hatto ommaviy ravishda uni «kaltafahm» deb atagan. Tramp ma’muriyati, shuningdek, FZT shtab-kvartirasi binosining rekonstruksiya qilinishi sababli Pauellga nisbatan tergov boshladi. Pauell esa bu tekshiruvni markaziy bank mustaqilligiga tahdid deb atadi.
Bloomberg agentligining yozishicha, Tramp to‘rtta nomzod orasidan tanlagan: Uorsh, Milliy iqtisodiy kengash direktori Kevin Xassett, FRT kengashining amaldagi a’zosi Kristofer Uoller va BlackRock ijrochi direktori Rik Rider. Uorshning nomzodini endi Senat tasdiqlashi kerak.
Kevin Uorsh kim?
Uorsh 55 yoshda, Nyu-Yorkda tug‘ilgan. U 2006 yildan 2011 yilgacha FZT boshqaruv kengashi a’zosi bo‘lgan, shuningdek, iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha Trampga maslahat bergan. U bir muddat dunyoning eng yirik banklaridan biri — Morgan Stanley’da faoliyat yuritib, kompaniyalarni birlashtirish va sotib olish masalalari bilan shug‘ullangan. Hozirda u Stenford oliy biznes maktabida dars beradi.
Birinchi prezidentlik muddati davomida Tramp Janet Yellenning o‘rniga FZT rahbari lavozimiga Uorsh nomzodini ko‘rib chiqqan edi, ammo yakunda Pauellni tanlagan. Guardian nashrining qayd etishicha, Uorsh kosmetik magnat — Este Lauder asoschisining nabirasi va Grenlandiyada manfaatlariga ega bo‘lgan hamda Trampni ushbu hududni sotib olishga undagan milliarder Ronald Lauderning qizi Jeyn Lauderga uylangan. Uorsh Trampning FZTga nisbatan foiz stavkalarini juda sekin pasaytirish bo‘yicha tanqidlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ta’sir
Uorsh markaziy bankni boshqarishi kerak bo‘lgan hozirgi vaziyatda Oq uy ma’muriyati bosimi kuchaygan, bu esa ekspertlar orasida FRTning mustaqilligi borasida jiddiy xavotirlar uyg‘otmoqda.
Avvalroq Tramp FZT boshqaruv kengashi a’zosi Liza Kukni ipoteka firibgarligida ayblab, ishdan bo‘shatishga harakat qilgan edi. Bu bo‘yicha boshlangan sud jarayoni prezidentning markaziy bank mulozimlarini lavozimidan chetlashtirish vakolatlari qay darajada ekanini belgilab berishi mumkin.





