
Transportdan chiqindi tashlaganlar uchun jarimalar 15 BHMgacha oshishi mumkin
28.05.2025 | 14:3044003
O‘zbekistonda ekologik madaniyatni oshirish maqsadida transport vositalaridan chiqindi tashlovchilarga nisbatan jarimalar qat’iylashtirilishi kutilmoqda. Yangi taklifda jarima miqdori ikki barobarga oshishi mumkin.

O‘zbekiston hukumati 2030 yilgacha aholining ekologik madaniyatini oshirish konsepsiyasi doirasida yo‘llardagi chiqindi muammosini bartaraf etish uchun qonunchilikka o‘zgartishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Xususan, transport vositasidan chiqindi tashlovchilar uchun ma’muriy jazo choralari kuchaytiriladi.
Hozirda amaldagi 91¹-moddaga asosan, belgilangan joylarga chiqindi tashlagan jismoniy shaxslarga 1–3 BHM, yuridik shaxslarga esa 3–5 BHM miqdorida jarima belgilangan. Yangi taklifga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar 3–5 BHMgacha oshirilishi mumkin, takroriy qoidabuzarlik holatida esa 10–15 BHM jarima nazarda tutilmoqda.
Tegishli tadqiqotlarga ko‘ra, shahar ko‘chalaridagi chiqindilarning 53 foiziga yaqini haydovchi va yo‘lovchilar tomonidan tashlab ketiladi. Ularning asosiy qismini plastik idishlar, ovqat qoldiqlari va sigaret filtrlari tashkil etadi. Bu holat, ayniqsa, Toshkent shahri misolida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, poytaxtda 638,8 mingta transport vositasi ro‘yxatda turgan bo‘lsa, har kuni 150–300 mingta qo‘shimcha avtomobil shaharga kiradi. Agar ularning har o‘ntasidan biri chiqindi tashlasa, bu 15–30 ming dona chiqindini tashkil etadi.
Qonunchilikdagi ushbu o‘zgarishlar nafaqat ekologik muammoni hal etish, balki aholini shaxsiy javobgarlikka o‘rgatish va tartibga chaqirish maqsadida amalga oshiriladi. Hozirda bu takliflar muhokama bosqichida turibdi.





