
Trump Media aksiyadorlari uchun yangi kriptotoken chiqaradi
Trump Media aksiyadorlari uchun yangi raqamli token chiqaradi, u aksiyalarga bog‘lanmaydi va asosan bonuslar hamda xizmatlarga kirish imkonini beradi.

Trump Media and Technology Group (TMTG) yangi raqamli token chiqarishini ma’lum qildi. Mazkur aktiv kompaniya aksiyadorlari o‘rtasida bepul tarqatiladi va loyallikni rag‘batlantirish mexanizmi sifatida ishlaydi. Kompaniya ijtimoiy tarmoq Truth Social’ga egalik qiladi.
Loyiha dunyodagi yirik kriptobirjalardan biri bo‘lgan Crypto.com bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Token Cronos blokcheyni asosida chiqariladi. Emissiya qoidasiga ko‘ra, har bir aksiyador o‘z ixtiyoridagi har bir aksiya uchun bitta raqamli token oladi.
Bloomberg keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning eng yirik aksiyadori bo‘lgan Donald Tramp 41 foiz ulushga ega. Shu sababli yangi tokenlardan eng katta foyda aynan u oladi.
Kompaniya tokenning huquqiy va iqtisodiy tabiatiga alohida izoh berdi. Ushbu aktiv aksiyalarga egalik huquqini bermaydi, dividend manbai hisoblanmaydi va ayrim holatlarda naqd pulga almashtirish imkoni bo‘lmasligi mumkin. Asosiy vazifa — aksiyadorlarga Trump Media mahsulotlari va xizmatlarida chegirmalar, bonuslar va maxsus imkoniyatlar taqdim etish.
Yangilik bozor tomonidan ehtiyotkor optimizm bilan qabul qilindi. Premarket savdolarida Trump Media’ning DJT tikeridagi aksiyalari taxminan 3,3 foizga o‘sdi.
Bu tashabbus Tramp atrofida shakllanayotgan kengroq kriptoekotizimning bir qismi hisoblanadi. Ilgariroq oilaga tegishli World Liberty Financial DeFi loyihasi, WLFI tokeni, USD1 steyblkoini hamda TRUMP memkoyni ishga tushirilgan edi. 2025 yil yanvaridan keyin AQSHda kriptoregulyatsiya muhiti ham sezilarli darajada yumshadi.





