Tugallanmagan SI data-markazlari kredit reytinglari orqali milliardlab dollar jalb qilmoqda
So‘nggi oylarda yetakchi reyting agentliklari hali tugallanmagan data-markaz loyihalarini ham qamrab olishni kengaytirdi.

Sun’iy intellekt infratuzilmasini yaratish uchun talab etilayotgan ulkan xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida data-markazlar quruvchilari hali qurilish bosqichida bo‘lgan obyektlar uchun ommaviy ravishda kredit reytinglari olishga murojaat qila boshladi. Bu orqali bozorda yangi kapital manbalarini ochish ko‘zlanmoqda. Bu haqda «Financial Times» xabar berdi.
Yangi investorlarga ehtiyoj
So‘nggi oylarda yetakchi reyting agentliklari – «S&P Global Ratings», «Moody's», «Fitch Ratings» va «Kroll Bond Rating Agency» (KBRA) – hali tugallanmagan data-markaz loyihalarini ham qamrab olishni kengaytirdi. Ular ko‘pincha kreditlar uchun xususiy reytinglar taqdim etadi, bu esa banklarga qarz majburiyatlarini institutsional investorlarning keng doirasiga qayta sotish imkonini beradi.
Bunday rasmiy ishonch reytingi yirik loyihalar uchun nihoyatda muhim hisoblanadi, chunki ular an’anaviy moliyalashtirish bozorini allaqachon to‘ldirib yuborgan. Endi ular yangi ishtirokchilarni, masalan, qonun bo‘yicha faqat «katta uchlik» agentliklari baholagan yuqori sifatli aktivlarni sotib olishi mumkin bo‘lgan sug‘urta kompaniyalarini jalb qilishi kerak.
«Bu astronomik o‘sish. Mening jamoam baholagan loyihalarning aksariyati hozir giperskeylerlar qo‘llab-quvvatlayotgan va qurilayotgan yangi obyektlardir», – deydi «Fitch Ratings»ning data-markazlarga ixtisoslashgan murakkab kreditlar guruhi rahbari Royelof Stinekamp.
Stinekampning aytishicha, so‘nggi to‘qqiz oy ichida «Fitch» bunday loyihalarga 35 tadan ortiq reyting bergan. Ularning aksariyati o‘rtacha hajmi taxminan 3 milliard dollar bo‘lgan xususiy bitimlardir. Shuningdek, avgust oyida agentlik raqamli infratuzilma uchun yangi baholash mezonlari to‘plamini ham e’lon qildi.
Yuz milliardlab dollarlik bozor
Ma’lum manbalarga ko‘ra, «Moody's» va «Fitch Ratings» xususiy tartibda «Oracle» korporatsiyasi qo‘llab-quvvatlayotgan o‘nlab milliard dollarlik qurilish kreditlariga «investitsion daraja» reytingi bergan. Har ikki kompaniya aniq bitimlar bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.
KBRA kabi kichikroq ixtisoslashgan ishtirokchilar bu bozorga bundan ham oldin kirib kelgan. Kompaniyaning bosh reyting direktori Bill Koksning aytishicha, ular ilk data-markaz loyihasini 15 oy avval baholagan. Hozirda «Kroll Bond Rating Agency» (KBRA) taxminan 100 milliard dollarlik data-markaz qarzlariga reyting taqdim etmoqda.
«Bu raqam joriy yilning birinchi yarmida yana 25–50 milliard dollarga o‘sishini kutyapmiz», – deya ta’kidladi Koks.
Bunday loyihalarning aksariyati aynan investitsion darajadagi reytingni olishga intilmoqda. Buning uchun bankirlar ko‘pincha bitimlar tuzilmasini o‘zgartiradi va qo‘shimcha kredit kafolatlari taqdim etadi. Royelof Stinekampning ta’kidlashicha, ayrim mijozlar o‘zlari uchun bunday darajaga erishib bo‘lmasligini bilgach, loyihani amalga oshirishdan voz kechgan. Hozirgacha berilgan reytinglarning taxminan uchdan ikki qismi talab etilgan yuqori standartlarga mos keladi.
Texnologik gigantlar kafolati va yashirin xatarlar
Bu yuqori reytinglar asosan yirik texnologik kompaniyalar (Big Tech) bilan tuzilgan uzoq muddatli ijara shartnomalari hisobiga ta’minlanadi. Ularning kredit profili kam tanilgan data-markaz quruvchilarnikiga qaraganda ancha kuchli. Amalda, loyihaning reytingi uning ijarachisi kredit reytingi bilan cheklanadi.
«S&P Global Ratings» infratuzilma reytinglari bo‘yicha direktori Daval Shahning ta’kidlashicha, ishonchli ijarachilar tomonidan berilgan moliyaviy kafolatlar kredit ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilaydi. Masalan, «S&P» «Meta» kompaniyasining Luiziana shtatdagi «Hyperion» data-markazi uchun 27 milliard dollarlik qarzga A+ reytingini bergan. Shartnomaga ko‘ra, «Meta» qurilish kechikkan taqdirda ham ijara to‘lovlarini boshlashni, shuningdek, loyiha budjetdan oshib ketsa, qo‘shimcha xarajatlarni qoplashni o‘z zimmasiga olgan.
«Kredit tarixi juda oddiy. Kreditorlar xatarni faqat Meta bilan bog‘liq holatda qabul qiladi», – deydi Shah.
Shu bilan birga, mutaxassislar yangi tahdidlar haqida ogohlantirmoqda. Sun’iy intellektni o‘qitish uchun maxsus qurilgan data-markazlar an’anaviy bulutli hisoblash markazlariga qaraganda xavfliroq hisoblanadi. Odatda ular chekka hududlarda joylashadi va deyarli qayta ixtisoslashtirib bo‘lmaydi. Bu esa dastlabki shartnoma tugagach, yangi ijarachi topishni juda qiyinlashtiradi.





