add

Tuman va shahar hokimliklari uchun yangi binolar quriladi

25.10.2025 | 13:256531

2026 yilga qadar tanlab olingan tuman va shaharlarda mahalliy boshqaruv organlari uchun zamonaviy ma’muriy binolar quriladi, ularning quyi qavatlari esa biznes faoliyati uchun ajratiladi.

Tuman va shahar hokimliklari uchun yangi binolar quriladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda mahalliy boshqaruv organlarini optimal joylashtirish orqali ularning bino va inshootlari o‘rnida biznes loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 668-son qaror qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjat prezidentning 2025 yil 1 apreldagi PQ–132-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib, unga muvofiq jadal kompleks rivojlantirish dasturlari hamda mahalliy boshqaruv organlarini bir joyda jamlash bo‘yicha ro‘yxat tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, tuman va shahar hokimliklari uchun yangi ma’muriy binolar barpo etiladi. Ushbu binolar foydalanishga topshirilgandan so‘ng, ularning birinchi va ikkinchi qavatlari ustuvor ravishda savdo hamda servis faoliyati uchun ajratiladi. Ijara ishlari «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali ochiq onlayn-auksion tarzida amalga oshiriladi.

Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish bo‘yicha buyurtmachi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyat hokimliklari huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalari belgilandi. Bosh loyiha va pudrat tashkilotlari qonunchilik talablariga ko‘ra tanlanadi.

Barcha ishlarni 2026 yil 1 dekabrga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Yangi ma’muriy binolar mahalliy boshqaruv tizimining samaradorligini oshirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Tuman va shahar hokimliklari uchun yangi binolar quriladi | Vaqt.uz