
Turkiy davlatlar abadiy do‘stlik shartnomasini qabul qiladi
07.10.2025 | 20:401934
Gabala sammitida Shavkat Mirziyoyev turkiy davlatlar hamkorligini chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Ozarboyjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, turkiy dunyo birdamligi va strategik hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha qator takliflar kiritdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida qator tashabbuslarni ilgari surdi:
Mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi;
Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi va Turkiy davlatlar tashkilotini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi;
Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif etdi;
Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, «Turkiy yashil yo‘laklar» tizimi va «Yashil transformatsiya» konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi;
Organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi;
O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini ta’kidladi;
Prezident sammit yakunida O‘zbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini e’lon qildi. Yangi ta’lim muassasasi qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar markaziga aylanishi kutilmoqda.





