
Turkiya dunyodagi eng yirik turistik mamlakatlar qatorida
24.06.2025 | 16:3010222
Jahon Turizm Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya 2024 yilda 56,7 million xorijiy turistni qabul qilgan holda, dunyodagi eng yirik sayyohlik yo‘nalishlari orasida to‘rtinchi o‘ringa chiqdi. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakat 2023 yildagi beshinchi pog‘onadan bir o‘rin yuqoriga ko‘tarildi.

Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyning ta’kidlashicha, umumiy ziyoratchilar soni 62,3 million kishini tashkil qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muvaffaqiyat madaniy va tarixiy meroslarni samarali targ‘ib qilish, rivojlangan infratuzilma va turizmning barcha fasllarda faol tashkil etilgani hisobiga qo‘lga kiritildi.
Fransiya, Ispaniya va AQSH kabi an’anaviy sayyohlik markazlaridan keyin Turkiyaning to‘rtinchi o‘rinni egallashi, mamlakatning jahon sayyohlik bozoridagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda. Ersoyning ta’kidlashicha, Turkiya endi nafaqat kuzatiladigan, balki o‘rnak qilib olinadigan turistik davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Jahon Turizm Tashkiloti tomonidan har yili e’lon qilinadigan “Jahon Turizm Barometri” hisoboti, dunyo bo‘ylab turistik oqimlarni tahlil qiladi va mamlakatlar reytingini belgilaydi. Turkiyaning ushbu reytingda yuqori o‘rinni egallashi soha salohiyatidan samarali foydalanilayotganini ko‘rsatmoqda.
Bu natija Turkiya turizm siyosatining barqarorlik va sifatga asoslangan rivojlanish modeli orqali xalqaro tan olinishiga xizmat qilmoqda.





