add

Turkiya Isroil bilan savdo aloqalarini to‘xtatdi va havo hududini yopdi

Turkiya havo hududini Isroil samolyotlari uchun yopib qo‘ydi. Isroilga qurol-yarog‘ tashiyotgan kemalarning Turkiya portlariga kirishi ham taqiqlandi.

Turkiya Isroil bilan savdo aloqalarini to‘xtatdi va havo hududini yopdi
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Isroil bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni butunlay uzganini va Turkiya havo hududini Isroil samolyotlari uchun yopib qo‘yganini e’lon qildi. Bu haqda «The Jerusalem Post» nashri xabar bermoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu qadamning oqibatlari hali to‘liq baholanmagan bo‘lsa-da, Turkiya ustidan parvozlarga qo‘yilgan cheklov Isroildan Gruziya va Ozarbayjonga bo‘lgan parvozlar davomiyligini qariyb ikki soatga uzaytirishi mumkin. Isroillik rasmiylardan biri nashrga bergan izohida, Anqara ilgari ham shunday bayonotlar berganini, biroq ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar davom etaverganini ta’kidladi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Anqara Isroilga qurol-yarog‘ tashiyotgan kemalarning Turkiya portlariga kirishini man etganini ma’lum qildi. «The Jerusalem Post» nashrining ta’kidlashicha, Turkiyaning bu qarori mamlakat port ma’murlarining yangi norasmiy talablari haqidagi xabarlar zamirida qabul qilingan. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, kema kompaniyalaridan kemalar Isroil bilan aloqador emasligi va bu mamlakatga jo‘natilayotgan harbiy yoki xavfli yuklarni tashimayotganligi haqida yozma kafolat talab qilina boshlangan. Bugun, 29 avgust kuni Turkiya parlamentining favqulodda yig‘ilishida so‘zga chiqqan Fidan, Anqara Isroilning BMT Bosh assambleyasi ishidagi ishtirokini butunlay to‘xtatishga erishish uchun bir guruh hamfikr davlatlar bilan hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi. «Biz fikrdosh mamlakatlar bilan hamkorlikda Isroil bilan savdoni to‘xtatish, Isroilning BMT Bosh Assambleyasidagi ishtirokini butunlay to‘xtatish, Isroilga qurol-aslaha va o‘q-dorilar yetkazib berishni to‘xtatish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettiramiz», - deya uning so‘zlarini Turkiya ommaviy axborot vositalari keltirmoqda. Fidan Anqaraning diplomatik sa’y-harakatlari ikki asosiy yo‘nalishga qaratilganini ta’kidladi: G‘azodagi janglar va genotsidni darhol to‘xtatish hamda anklavga insonparvarlik yordamini yetkazib berish. Ikkinchi ustuvor vazifa sifatida Falastin davlatini barpo etish g‘oyasini xalqaro kun tartibida saqlab qolish va bu tashabbusga keng qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashni tilga oldi. Vazirning aytishicha, Isroilning xalqaro huquqni mensimasligi va Falastinga nisbatan qat’iy siyosatini davom ettirishi mintaqada ham, undan tashqarida ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi muqarrar.

Teglar

Mavzuga oid