
Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani kutilmaganda 40,5 foizga tushirdi
15.09.2025 | 09:0026372
Turkiya Markaziy banki siyosatini yumshatdi — asosiy stavka 250 bazis punktiga pasaytirilib, 43 foizdan 40,5 foiz darajasida belgilandi.

Turkiya Respublikasi Markaziy bankining Pul-kredit siyosati qo‘mitasi 11 sentyabr kuni o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda asosiy foiz stavkasini 43 foizdan 40,5 foizga tushirish haqida qaror qabul qildi. Yig‘ilishga bank raisi Yashar Fotih Qoraxon raislik qildi.
Shuningdek, «overnayt» kredit stavkalari ham pasaytirildi: qarz berish bo‘yicha stavka 46 foizdan 43,5 foizga, qarz olish bo‘yicha esa 41,5 foizdan 39 foizga tushirildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyada inflyatsiyaning asosiy tendensiyasi avgust oyida sekinlashgan. Eng so‘nggi ma’lumotlar talab darajasidagi dezinflyatsion bosim saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.
«Inflyatsion kutilmalar, narx shakllanishi va global omillar dezinflyatsiya jarayoni uchun xavfli bo‘lib qolmoqda. Narx barqarorligiga erishilgunga qadar qat’iy pul-kredit siyosati saqlanadi va bu jarayonni talab, valyuta kurslari va kutilmalar orqali mustahkamlaydi», — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Avvalroq Rossiyada asosiy stavka 18 foizdan 17 foizga pasaytirilgani va O‘zbekistonda esa o‘zgarishsiz qoldirilgani haqida xabar bergan edik.





