
Turkiya odam savdosida ayblangan ikki o‘zbekistonlik ayolni deportatsiya qildi
26.09.2025 | 12:0021153
Istanbulda qidiruvda bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik ayol qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarildi. Ularga nisbatan odam savdosi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Odam savdosida ayblangan ikki o‘zbekistonlik ayol Turkiyadan deportatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar Turkiya va O‘zbekiston ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ushlangan. Qo‘lga olinganlar — 1962 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Barno Muhamedova va 1987 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Nozima Najmiddinova.
Ularning harakatlaridan jabrlangan fuqarolardan O‘zbekiston IIV yoki uning hududiy bo‘linmalariga, shuningdek, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilish so‘raldi.
Bir necha kun avval ham shu turdagi jinoyatda ayblangan yana bir o‘zbekistonlik ayol Turkiyadan deportatsiya qilingan edi. U 2013–2015 yillarda Bangkok shahrida fohishaxona tashkil etgan va vatandosh ayollarni «yuqori daromadli ish» va’dasi bilan Qozog‘iston orqali Tailandga olib borib, fohishalikka majbur qilgan guruh tarkibida faoliyat yuritgani aytilgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 19 may kuni qabul qilingan qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, qalbaki hujjatlardan foydalanib, jabrlanuvchining shaxsiy hujjatlarini yashirish, yo‘q qilish yoki olib qo‘yish bilan bog‘liq hollarda ozodlikdan mahrum qilish muddati 5 yildan 10 yilgacha etib belgilan. Ilgari bu kabi jinoyatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi tayinlangan edi.





