Turkiya sudi Netanyahuni hibsga olishga xalqaro order berdi
Avvalroq, Erdo‘g‘an Netanyahuga qarata qat’iy ogohlantirish berib, u tez orada butun dunyo musulmonlaridan «tegishli saboq olishini» ta’kidlagan edi.

Istanbulning 11-Oliy jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga nisbatan Interpolning qizil bildirishnomasini chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. «Hürriyet» «Daily News» va «Türkiye Gazetesi» nashrlarining xabar berishicha, bu qaror Tel-Aviv tomonidan G‘azoga insonparvarlik yordami olib ketayotgan flotiliyaning to‘xtatilishi va egallab olinishi bilan bog‘liq.
Qaror markazida G‘azoga yordam yetkazishga uringan «Global Sumud Flotilla» (GSF) gumanitar karvoni turibdi.
Talab qilinayotgan jazolar
Joriy yilning aprel oyida Istanbul prokuraturasi kemalarning qurolli yo‘l bilan egallab olinishi munosabati bilan Netanyahu va yana 34 nafar Isroil rasmiysiga nisbatan ayblov xulosasini e’lon qilgan edi. Prokuratura ayblanuvchilarning har birini umrbod qamoq jazosiga, shuningdek, qo‘shimcha ravishda 1102 yildan 4596 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni talab qilmoqda.
Prokuratura xulosasiga ko‘ra, Isroilning xatti-harakatlari «xalqaro huquqning asosiy normalarini ochiq va qo‘pol ravishda buzish» hisoblanadi. Jarayon kemalarni majburan to‘xtatish, tinch aholini kuch va zo‘ravonlik ishlatib hibsga olish, jismoniy tazyiq o‘tkazish va inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala bilan birga kechganligi ta’kidlangan.
Ushbu jinoiy ish figurantlari qatorida faqatgina Netanyahu emas, balki Isroilning bir qator yuqori lavozimli harbiy va siyosiy rahbarlari ham bor:
— Israel Kats (Isroil mudofaa vaziri)
— Yoav Galant (Sobiq mudofaa vaziri)
— Itamar Ben-Gvir (Milliy xavfsizlik vaziri)
— Eyal Zamir (Bosh shtab rahbari) va boshqalar.
Ularga nisbatan «genotsid», «insoniyatga qarshi jinoyatlar», «ozodlikdan mahrum qilish», «qasddan badanga shikast yetkazish», «qiynoqqa solish», «talonchilik», «mulkni nobud qilish yoki shikastlash» hamda «transport vositasini olib qochish» kabi jinoyatlar inkriminatsiya qilinmoqda.
O‘z navbatida, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an may oyida Netanyahuga qarata qat’iy ogohlantirish berib, u tez orada butun dunyo musulmonlaridan «tegishli saboq olishini» ta’kidlagan edi.





