
Turkiya Suriya harbiylarini tayyorlashni boshladi
11.09.2025 | 22:4047803
OAVga ko‘ra, Anqara Suriya harbiylarini tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash ishlarini avgust oyida imzolangan hamkorlik bitimi doirasida boshlagan.

Turkiya Mudofaa vazirligi Suriya harbiylariga ta’lim berish va maslahat ko‘rsatish, shuningdek, avgust oyida mamlakatlar o‘rtasida imzolangan hamkorlik bitimiga muvofiq texnik yordam ko‘rsatishni boshladi. Bu haqda Daily Sabah gazetasi Turkiya harbiy idorasidagi manbalarga asoslanib xabar bermoqda.
Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, bitim imzolanganidan so‘ng Suriya qurolli kuchlarini qayta tashkil etish bo‘yicha harakatlar jadallashgan. Mashg‘ulotlar, tashriflar, maslahatlashuvlar va texnik qo‘llab-quvvatlash Suriya Mudofaa vaziri bilan hamkorlikda rejali tarzda amalga oshirilmoqda. Turkiya «yagona davlat, yagona armiya» tamoyilini ro‘yobga chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Daily Sabah gazetasining ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya Suriyaga qurol-yarog‘ yetkazib bermoqda va moddiy-texnik ta’minot masalalarida ham yordam ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, Suriya hukumati mintaqani terrorchilik faoliyatidan xalos qilish to‘g‘risidagi chaqiriqlarni e’tiborga oldi.
Gazeta manbalari Isroil Suriyadagi turk uskunalariga zarba bergani haqidagi xabarlarni inkor etdi. Turkiya Mudofaa vazirligi Suriya shimolida turk xodimlari va uskunalarining joylashuvida hech qanday o‘zgarish yo‘qligini ta’kidladi.





