
Turkiya Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor, ammo...
Anqara Turkiya qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish bo‘yicha variantni muhokama qilishdan avval tinchlikni ta’minlash zarurligini bildirmoqda.

Turkiya Milliy mudofaa vazirligi 11-noyabr kuni Gruziya hududida C-130 harbiy-transport samolyoti qulashi oqibatida halok bo‘lgan 20 nafar turk harbiy xizmatchisining shaxsi haqidagi ma’lumotni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘rab, prokuraturaga murojaat qildi.
Anqaradagi haqqin.az muxbiri xabar berishicha, bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Zeki Aktyurk 27-noyabr kuni o‘tkazilgan haftalik matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, rasmiy bayonot berilishidan oldin halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni tarqatganlar orasida iste’fodagi ba’zi yuqori lavozimli zobitlar ham bo‘lgan.
«Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgan paytda, shahidlarimiz oilalarining qayg‘usini hisobga olmasdan, halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni birinchi bo‘lib e’lon qilish uchun o‘zaro musobaqalashgan ijtimoiy tarmoqlarning vijdonsiz foydalanuvchilari, jumladan, sobiq harbiylar ham aniqlandi. Bu kishilarga ofitserlar uylariga kirish ham taqiqlandi», - deya ta’kidladi kontr-admiral Aktyurk.
Aktyurk Ukrainaga tinchlikparvar kontingent sifatida turk qo‘shinlari yuborilishi mumkinligi haqidagi fikrlarga izoh berar ekan, bunday ehtimolni istisno etmadi.
«Avvalo, Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga erishish kerak. Turkiya Qurolli kuchlari mintaqamizda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashabbuslariga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor», - deya ta’kidladi u.
Kontr-admiral, shuningdek, Anqara Livan va Janubiy Kipr o‘rtasida imzolangan dengiz kelishuvini tan olmasligini bildirdi.
«Turkiya Shimoliy Kipr huquqlarini hisobga olmaydigan birorta shartnomani qabul qilmaydi. Biz bu kelishuv Livan xalqi manfaatlariga ham zid ekaniga ishonch hosil qildik. Livanlik hamkasblarimizga dengiz sohasi bo‘yicha hamkorlikka tayyorligimizni bildirdik», - dedi Mudofaa vazirligi vakili.





