
Turkiyada 3 yil doimiy yashagan o‘zbekistonliklarga ish ruxsatnomasi berilishi mumkin
Bu borada Migratsiya agentligi Turkiyaning Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi bilan kelishuvga erishgan.
© Фото: t.me/uzmigration 2026 yil 1-martdan boshlab Turkiyada 3 yil doimiy asosda yashagan o‘zbekistonliklarga ilk bor ish ruxsatnomasi berilishi mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, agentlik rahbari Behzod Musayev hamda Turkiyaning Mehnat va ijtimoiy ta’minot vaziri Vedat Ishikxan o‘rtasida qonuniy va himoyalangan mehnat migratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik ahamiyatga ega uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Uchrashuvda:
• Turkiyada noqonuniy maqomda bo‘lgan o‘zbekistonliklarni deportatsiyasiz legallashtirish amaliyotini davom ettirish;
• Turkiyada 3 yil doimiy asosda yashagan o‘zbekistonliklarga shu yil 1-martdan boshlab, ilk bor ish ruxsatnomasini berish;
• Mehnat vazirligi huzuridagi İŞKUR tashkiloti tomonidan talab yuqori bo‘lgan kasblarni markazlashtirib, Migratsiya agentligiga talabnoma taqdim qilish kabi masalalar bo‘yicha Bitim imzolashga kelishib olingan.





