add

Turkiyada Grand Kartal mehmonxonasidagi yong‘in uchun 11 kishi umrbod qamaldi

Bugun 13:132932

Bo‘lu viloyatida 78 kishi halok bo‘lgan Grand Kartal mehmonxonasi yong‘ini bo‘yicha sud ishi yakunlandi. Sud 11 nafar ayblanuvchi, jumladan, mehmonxona egasi Xolid Ergulni umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi.

Turkiyada Grand Kartal mehmonxonasidagi yong‘in uchun 11 kishi umrbod qamaldi

Turkiyaning Bo‘lu viloyatida Grand Kartal mehmonxonasida 2025 yil yanvar oyida sodir bo‘lgan halokatli yong‘in bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Sud 32 ayblanuvchidan 11 nafari, jumladan mehmonxona sohibi Xolid Ergulni umrbod qamoq jazosiga hukm etdi, deb xabar bermoqda turk nashrlari.

Sud hay’ati ularni qasddan odam o‘ldirish, jumladan bolalar va o‘zini himoya qila olmaydigan shaxslar o‘limida aybdor deb topdi. Shuningdek, og‘ir tan jarohati yetkazish bo‘yicha ham jazo belgilandi. Asosiy ayblanuvchilar 34 umrbod jazoni bolalar o‘limi uchun, yana 44 tasini boshqa halok bo‘lganlar uchun oldi. Sud hech qanday yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olmadi.

Mehmonxona ma’muriyati vakillari, Bo‘lu shahar hokimining o‘rinbosari hamda mahalliy yong‘in xizmati rahbarining o‘rinbosari ham umrbod qamaldi. Ilgari prokuror Ergulning xotini va ikki qizni — mehmonxonaga egalik qiluvchi kompaniya direktorlar kengashi a’zolarini 22,5 yilga qamashni so‘ragan edi. Ammo sud ularni ham og‘ir jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topib, umrbod jazo tayinladi.

Hukm e’lon qilinganidan so‘ng ozodlikda bo‘lgan ikki ayblanuvchi sud zalidayoq qo‘lga olindi. Sud jarayonida Xolid Ergul bino konstruksiyasida yong‘in xavfini oshiradigan o‘zgartishlar qilmaganini va barcha xodimlarni shaxsan tanimasligini aytdi.

Advokatlar sud qaroridan norozilik bildirib, apellyatsiya berish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 21 yanvar kuni Bo‘lu viloyatidagi Qartalqoya tog‘-chang‘i kurortida joylashgan Grand Kartal mehmonxonasida yong‘in chiqib, 78 kishi halok bo‘lgan, 133 kishi jarohat olgan edi. Yong‘in mehmonxona restoranida boshlangan va yog‘och konstruksiyalar sababli butun binoga tez yoyilgan.

O‘t o‘chiruvchilar chaqiriqdan so‘ng faqat 40–45 daqiqa o‘tib yetib kelgan. Fojiadan keyin Turkiyada milliy motam e’lon qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid